Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2023 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU Kovorking markazi: talabalarning startap loyihalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyat

Toshkent davlat yuridik universiteti Kovorking markazi ochildi.

Kovorking markazining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Tashkulov, TDYU rektori v.v.b. Islambek Rustambekov, universitet rahbariyati, IT parkning Toshkent shahridagi filiali vakillari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etib, Kovorking markazida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

TDYU Kovorking markazi O‘zbekistondagi davlat oliy ta’lim muassasalari orasida tashkil etilgan birinchi kovorking markazi bo‘lib, uning maydoni 500 kvadrat metrdan iborat. Markazda kutubxona, muzokaralar xonasi, ommaviy tadbirlar maydoni, o‘quv xonasi va dam olish hududi mavjud.

Ochilish marosimida Adliya vaziri Akbar Toshqulov so‘z olib, bugungi kunda huquqiy sohada texnologiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini hamda universitet ham mazkur jarayonga moslashishi kerakligini ta’kidladi. Qayd etilganidek, bugungi kunda ko‘plab yuridik amaliyotlar inson aralashuvisiz, zamonaviy texnologiyalar asosida bajarilmoqda. Masalan, ayni paytda sun’iy intellekt tomonidan shartnomalar va bitimlar tuzilmoqda yoki elektron hujjat tizimida ishlanmoqda.

Kovorking markazidan 50 nafardan ortiq talaba bepul ofis sifatida foydalanishi, shuningdek, ular huquqiy soha, ayniqsa, huquqshunoslar faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish, ya’ni “Legal Tech” sohasida startap loyihalarini inkubatsiya va akseleratsiya qilish dasturlari ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Talabalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Innovatsion jamg‘arma shakllantirilgan bo‘lib, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion startap loyihalar xolis va ochiq tanlov asosida moliyalashtiriladi. “Legal Tech” laboratoriyasi va IT Parkning biznesni rivojlantirish yo‘nalishi mutaxassislari tomonidan talabalarga IT mahsulotlarni yaratish bo‘yicha uslubiy ko‘mak beriladi.

TDYU Kovorking markazidagi bunday sharoitlar universitetda “Universitet 3.0” modelini qo‘llash va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda huquqiy sohani tubdan o‘zgartirish uchun imkoniyat yaratadi.

Tadbirda Kovorking markazi mutaxassislari tijoratlashtirishga tayyor bo‘lgan universitetlar va ilmiy muassasalarda ilmiy tadqiqotlarni monitoring qilish va boshqarish tizimi, ilmiy tadqiqot natijalari ma’lumotlar bazasi, huquqshunoslarni onlayn ishga qabul qilish tizimi va soha vakillari uchun ijtimoiy tarmoq kabi loyihalarni ishtirokchilar e’tiboriga taqdim etdi.

Bundan tashqari, Kovorking markazida faoliyat yuritayotgan biznes maktabida IT Park mutaxassislari tomonidan ilk mashg‘ulot o‘tkazildi.

Hodisalar

Barcha e'lonlar