Universitetning maqsad va qadriyatlari
Asosiy maqsadimiz — yuqori malakali, xalqaro standartlarga javob bera oladigan, raqobatbardosh, zamonaviy yuridik kadrlarni tayyorlash.
Biz:
- davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his qiladigan;
- huquqiy qadriyatlarni anglab yetgan;
- milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiladigan;
- qonun ustuvorligini targ‘ib qiladigan;
- xalqaro ta’lim va ilmiy platformalarda raqobatlasha oladigan yoshlarni tarbiyalashga intilamiz.
Toshkent davlat yuridik universitetiga qadam qo‘yayotgan har bir abituriyent, ularning ota-onasi, talabalar, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va hamkorlar universitetimizning qadriyatlarini bilishi, anglab yetishi va amal qilishi lozim.
Universitetning asosiy qadriyatlari — fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdir.
Shaxsga hurmat
Biz shaxs, uning manfaatlarini ta’minlashga intilamiz, har bir talaba va xodimning o‘z ijodiy va ilmiy salohiyatini rivojlantirishi tarafdorimiz va bu omilni hurmat qilamiz.
Halollik
Ishimizda, universitetimizda, hamkasblarimiz va talabalarimiz orasida halollikni ta’minlaymiz. Universitetimizning obro‘si va uning qadriyatlari shaxsiy manfaatlarimizdan ustundir.
Bilim
Biz bugun va kelajak uchun dolzarb bo‘lgan bilimlarni berishga intilamiz. Shuningdek, yangi bilim va ko‘nikmalarni olish uchun doimo shaymiz.
Professional sifatlar
Biz universitet talabalarida yuqori darajadagi kasbiy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga, ularni mehnat bozori talablariga javob bera oladigan kadrlar sifatida tayyorlashga intilamiz.