Professor Sugiyama – fizika fanlari doktori, kosmologiya va astrofizika sohasida xalqaro e’tirof etilgan olim bo‘lib, hozirda Nagoya universitetining xalqaro ilmiy yetakchiligini ta’minlab kelayotgan mohir va zukko rahbardir.
2005-yilda Nagoya universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yapon huquqi ta’limi va tadqiqoti markazi, ayniqsa so‘nggi yillarda Professor Sugiyamaning samimiy e’tibori va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli, o‘z faoliyatini yanada kengaytirib, samaradorlik jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Markaz bugungi kunda yurtimizda yapon huquqi, huquqiy tafakkur va yapon tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan noyob akademik platformaga aylangan.
Bugungi kunga kelib markaz bitiruvchilari soni 110 nafarga yetdi. Ularning 40 dan ortig‘i Yaponiyada tahsil olib, hozirda mamlakatimizdagi huquqiy ta’lim, tadqiqot va huquqiy islohotlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Professor Sugiyamaning bevosita qo‘llab-quvvatlashi tufayli markaz har yili 8 nafar iqtidorli talabani qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarida grant asosida Nagoya universitetiga yuborish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, har yili 2 nafar bakalavr bosqichi bitiruvchilarimiz Nagoya universitetining grant dasturi asosida magistratura bosqichida ta’lim olish sharafiga ega bo‘lmoqda.
E’tiborga molik jihati shuki, Professor Sugiyamaning do‘stona va samimiy hamkorligi tufayli Nagoya universiteti nafaqat universitetimiz bilan, balki O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan ham yaqindan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu hamkorlik orqali tajriba almashish, yapon huquqi tizimini o‘rganish va mamlakatimizdagi huquqiy islohotlarni xalqaro tajriba asosida boyitish imkoniyati yaratilmoqda.
Bularning barchasi, Professor Sugiyamaning chuqur qiziqishi, do‘stona munosabati va ezgu niyatlari samarasi ekanini alohida ta’kidlash lozim. U kishi hech qachon hayrixohlikdan chekinmadi, doimo O‘zbekiston ta’limi, ayniqsa huquqiy sohani rivojlantirishga chin dildan hissa qo‘shib kelmoqda.