--:-- · --/--/----
TDYU 35 yoshda
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2026 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Izlanuvchilarni oʻqishga qabul qilish, shaffof va adolatli amalga oshirish

Toshkent davlat yuridik universitetida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga (PhD, DSc va mustaqil izlanuvchilik) izlanuvchilarni qabul qilish, ularning faoliyatini monitoring qilish, kursdan-kursga oʻtkazish, oʻqishdan chetlashtirish hamda oʻqish muddatini uzaytirish jarayonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim toʻgʻrisida”gi Nizom hamda universitetning ichki me’yoriy hujjatlariga qat’iy rioya qilingan holda shaffof va adolatli tashkil etilgan. Universitet har yili tayanch doktorantura va doktorantura uchun qabul kvotalari, mutaxassisliklar va hujjat topshirish muddatlari toʻgʻrisida rasmiy veb-sayt, daraja.ilmiy.uz (phd.mininnovation.uz) platformasi hamda rasmiy tsul science Telegram kanali orqali ochiq e’lon beradi. Mustaqil izlanuvchilikka qabul esa yilda 4 marotaba (har chorakda) amalga oshiriladi. Rektor buyrugʻi bilan qabul komissiyasi hamda ixtisosliklar boʻyicha suhbat oʻtkazuvchi komissiyalar tarkibi shakllantiriladi.

Talabgorlarga suhbat kuni, vaqti va joyi haqida Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash boʻlimi xodimlari tomonidan shaxsan xabar beriladi va Telegram kanalda e’lon qilinadi. Kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari toʻliq YouTube / Zoom platformalari orqali onlayn, toʻgʻridan-toʻgʻri translyatsiya qilinadi: https://us06web.zoom.us/j/81876732742?pwd=IMsMWO3wbwA5nhAQLJvqQlaPR9EseY.1

Kirish sinovlarida ixtisoslik fani boʻyicha minimal ball chegarasi (56 ball) belgilangan boʻlib, natijalar shaffof baholanadi.

Imtihon va suhbat yakunlangach, natijalar (tavsiya etilgan va tavsiya etilmaganlar roʻyxati) joyida e’lon qilinadi hamda talabgorlarning shaxsiy kabinetiga (daraja.ilmiy.uz) va rasmiy saytga yuklanadi Yakuniy qabul natijalari Universitet Kengashi qarori bilan tasdiqlanadi va rektor buyrugʻi rasmiylashtiriladi.

Tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning faoliyati yilda 2 marta (iyun va dekabr oylarida) ichki monitoringdan oʻtkaziladi. Izlanuvchilarning yakka tartibdagi ish rejalari har chorakda daraja.ilmiy.uz platformasiga yuklanib boriladi.

Tayanch doktorantlar monitoringda oflayn ishtirok etib, hisobot beradilar hamda jarayon YouTube orqali jonli translyatsiya qilinadi. Mustaqil izlanuvchilarning shaxsiy yigʻma jildlari kafedra va Ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqilib, xulosalar Universitet Kengashiga kiritiladi va tasdiqlanadi.

Yakka tartibdagi rejasini bajarmagan, ketma-ket 2 marotaba monitoringdan oʻtolmagan yoki universitetning ichki tartib-qoidalarini buzgan izlanuvchilar Universitet Kengashi qaroriga koʻra oʻqishdan chetlashtiriladi.

Taʼlim ehtiyojlari va ilmiy-tadqiqotning soʻnggi tendensiyalari

Toshkent davlat yuridik universitetida (TDYU) oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlari (PhD, DSc va mustaqil izlanuvchilik) bo‘yicha qabul kvotalarini shakllantirish, ta’lim ehtiyojlari hamda sohaviy ilmiy-tadqiqot tendensiyalarini aniqlash va ularning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Qabul kvotalarini shakllantirish bo‘yicha prorektor topshirig‘iga asosan universitet topshiriq xati chiqariladi. Har bir kafedraning ilmiy salohiyati, ilmiy rahbarlar (PhD, DSc, professorlar) sig‘imi hamda mavjud ilmiy yo‘nalishlar ehtiyojidan kelib chiqib, DSc va PhD bo‘yicha talab qilinadigan kvotalar soni SMART platformasi orqali so‘raladi.
Kafedralar tomonidan so‘rov xatiga javob tariqasida taqdim etilgan tahliliy ma’lumotlar Ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘limi (Ilmiy boshqarma) tomonidan umumlashtiriladi hamda kvota ajratish masalasi bo‘yicha TDYU rektori nomidan OAK va vakolatli vazirlik/agentlikka rasmiy xat kiritiladi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim va dissertatsiya himoyalari dinamikasi: Oliy ta’limdan keyingi ta’limning samaradorligi hamda ilmiy-tadqiqot tendensiyalarining amaliy natijadorligi doktorant va izlanuvchilarning dissertatsiya himoyalari sonida o‘z aksini topgan:

2024-yilda: Jami 68 ta dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

2025-yilda: Ilmiy faoliyat samaradorligi keskin oshib, himoyalar soni 96 tani tashkil etgan.

2026-yil 1-sentabr holatiga: Reja-grafik bo‘yicha 37 ta dissertatsiya himoyasi amalga oshirilgan.

Universitetning rasmiy veb-sayti hamda tsul science Telegram kanali orqali tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul mutaxassisliklari, ularning kvotalari, hujjat topshirish muddatlari hamda kirish imtihonlari/suhbat natijalari to‘liq va ochiq tarzda e’lon qilib boriladi. Manfaatdor tomonlar xabardorligi: Ushbu e’lonlar va tahliliy ma’lumotlar orqali talabgorlar, ilmiy jamoatchilik hamda ish beruvchilar universitet tomonidan aniqlangan ustuvor ilmiy yo‘nalishlar va ta’lim ehtiyojlari bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Taʼlim dasturining monitoringi va tahlil natijalari

Toshkent davlat yuridik universitetida (TDYU) tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning yakka tartibdagi ish rejalari ijrosini va ilmiy-tadqiqot faoliyati natijadorligini baholash hamda ularni kursdan-kursga o‘tkazish jarayonlari belgilangan tartib-qoidalar (Vazirlar Mahkamasining 304-son qarori) va ichki me’yoriy hujjatlarga muvofiq, to‘liq raqamlashtirilgan, shaffof va xolis tarzda amalga oshiriladi. Izlanuvchilar faoliyati yilda 2 marta (har yarim yillik yakunida) monitoringdan o‘tkaziladi. Monitoring jarayonini xolis va malakali o‘tkazish maqsadida TDYU Rektori buyrug‘i bilan Maxsus komissiya tarkibi shakllantiriladi. Monitoring o‘tkazilish vaqti, joyi va grafigi universitetning rasmiy tsul science Telegram kanali orqali ochiq e’lon qilinadi. Tayanch doktorantlar Ilmiy boshqarma xodimlari tomonidan telefon orqali shaxsan xabardor qilinadi. Tayanch doktorantlar monitoringda oflayn tarzda shaxsan ishtirok etadilar. Jarayonda Ularning yakka tartibdagi ish rejasi bajarilishi, 304-sonli qaror talablari bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy ishlar hamda shaxsiy yig‘ma jildlari (papkalari) Komissiya tomonidan atroflicha ko‘rib chiqiladi. Izlanuvchilarning ilmiy ishlanmalari sifatini nazorat qilish uchun tegishli kafedra mudirlari ishtiroki to‘liq ta’minlanadi. Monitoring jarayonining mutlaq shaffofligini ta’minlash va xolislikni saqlash maqsadida butun jarayon YouTube platformasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri (jonli) translyatsiya qilinadi. Muhokama yakunida doktorantlarning kursdan-kursga o‘tish masalasi xulosa qilinib, monitoring natijalari joyida (oflayn) e’lon qilinadi.
Sho‘ba va kafedra darajasidagi tahlil: Mustaqil izlanuvchilarning hisobotlari hamda shaxsiy yig‘ma jildlari tegishli sho‘ba mudiri hamda sho‘ba professor-o‘qituvchilari tomonidan monitoring qilinib, tegishli bayonnomalar rasmiylashtiriladi. Izlanuvchilarning papkalari va tavsiya etilganlik/etilmaganlik haqidagi bayonnomalari Ilmiy boshqarmaga SMART platformasi orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Mustaqil izlanuvchilarga monitoring natijalari va kursdan-kursga o‘tish bo‘yicha xulosalar daraja.ilmiy.uz platformasidagi shaxsiy kabinetlari orqali bildirishnoma (xabarnoma) shaklida yuboriladi. Monitoring yakunlari bo‘yicha Komissiya va sho‘balarning xulosalari umumlashtirilib, izlanuvchilarni kursdan-kursga o‘tkazish, tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik (chetlashtirish) haqidagi yakuniy qaror TDYU Kengashi majlisida muhokama qilinadi va rasman tasdiqlanadi.

Taʼlim dasturiga qabul qilish mezonlari va talablari

Toshkent davlat yuridik universitetida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilish tartiblari va mezonlari amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim to‘g‘risida”gi Nizom hamda universitetning ichki me’yoriy hujjatlari asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Qabul mezonlari va talabgorlarga qo‘yiladigan shartlar (magistrlik diplomi, ilmiy maqolalar mavjudligi, chet tili sertifikatlari, ixtisoslik bo‘yicha ilmiy ma’ruza yoki loyiha) 304-son qaror hamda OAK talablariga muvofiq qat’iy belgilangan.
Qabul talablari va mezonlari shunchaki bir marta belgilanib qolmasdan, zamonaviy ilmiy-tadqiqot tendensiyalari, normativ-huquqiy hujjatlardagi o‘zgarishlar hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar asosida Universitet Kengashi va vakolatli organlar tomonidan muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqiladi va zarur hollarda yangilanib boriladi.
Qabul tartib-qoidalari, talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati, imtihon va suhbat kunlari hamda natijalar doimiy yangilanib boriladigan Yagona elektron tizim — daraja.ilmiy.uz platformasi hamda universitetning rasmiy tsul science Telegram kanali orqali keng jamoatchilikka oshkora va tushunarli tarzda e’lon qilinadi.
Ushbu raqamli mexanizmlar orqali talabgorlar, ularning ota-onalari, ilmiy rahbarlar, kafedralar hamda boshqa barcha manfaatdor tomonlar qabul talablari, suhbat vaqti, ajratilgan kvotalar hamda kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha real vaqt rejimida to‘liq, aniq va dolzarb ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Kirish sinovlari va ixtisoslik bo‘yicha suhbatlar Rektor buyrug‘i bilan tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan, onlayn translyatsiya (YouTube/Zoom) va elektron qaydnomalar orqali ochiq, shaffof va adolatli tarzda o‘tkaziladi.
Mazkur yaxlit yondashuv qabul jarayonida barcha talabgorlar uchun teng imkoniyat va adolat tamoyillarini ta’minlab, har qanday noaniqliklarning oldini oladi hamda universitetning akademik ishonchliligi va nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Izlanuvchilar harakati boʻyicha ichki hujjatlar

Toshkent davlat yuridik universitetida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarida (tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik) tahsil olayotgan izlanuvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati va yakka tartibdagi rejalari ijrosi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom hamda universitetning ichki sifatni ta’minlash va monitoring tizimiga muvofiq, doimiy va shaffof tarzda nazorat qilib boriladi. O‘qishga/rasmiylashtirishga qabul qilingan har bir izlanuvchi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) bilan birgalikda o‘qishning butun davri uchun moljallangan, aniq bosqichlar va muddatlarni o‘z ichiga olgan Yakka tartibdagi ish rejasini shakllantiradi. Yakka tartibdagi reja tegishli kafedra yig‘ilishi va Universitet Kengashi (Tadqiqot kengashi) qarori bilan ko‘rib chiqiladi va rasman tasdiqlanadi. Izlanuvchilar tasdiqlangan yakka tartibdagi ish rejasida belgilangan topshiriqlar (maqolalar chop etish, dissertatsiya boblarini yozish, konferensiyalarda ishtirok etish, ilmiy stajirovka) bajarilishi bo‘yicha yilda 4 marta (har chorak yakunida) daraja.ilmiy.uz (phd.mininnovation.uz) Yagona elektron platformasiga o‘zlarining choraklik hisobotlari va asoslantiruvchi hujjatlarini (maqolalar nusxalari, tezislar, sertifikatlar, kafedra xulosalari) muntazam yuklab boradilar.
Mazkur raqamli tizim orqali Ilmiy boshqarma, kafedra mudiri va ilmiy rahbar izlanuvchining reja ijrosini masofaviy tarzda nazorat qilish va baholash imkoniyatiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 304-son qarorining 52-bandiga muvofiq, universitetda yilda 2 marta (iyun va dekabr oylarida) barcha tayanch doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning faoliyati ichki monitoringdan o‘tkaziladi. Rektor buyrug‘i bilan tuzilgan Maxsus ishchi guruh va kafedra mas’ullari ishtirokida izlanuvchilarning daraja.ilmiy.uz platformasiga yuklagan ma’lumotlari, shaxsiy yig‘ma jildlari hamda ilmiy natijalari (PhD uchun 304-son Nizomning 53-bandi, DSc uchun 54-bandi mezonlari bo‘yicha) atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Tayanch doktorantlar monitoringda oflayn ishtirok etib, taqdimot qiladilar va jarayon YouTube platformasida jonli translyatsiya qilinadi. Mustaqil izlanuvchilar natijalari esa sho‘balar tomonidan ko‘rib chiqilib, SMART platformasi hamda daraja.ilmiy.uz orqali shaxsiy kabinetlariga yuboriladi. Monitoring xulosalari va platformadagi choraklik hisobotlar tahlili Universitet Kengashi majlisida muhokama qilinadi va qaror tasdiqlanadi. Rejani o‘z vaqtida bajargan va monitoringdan muvaffaqiyatli o‘tgan izlanuvchilar kursdan-kursga o‘tkaziladi. Yakka tartibdagi rejasini uzrli sabablarsiz bajarmagan va ketma-ket monitoringdan o‘tolmagan izlanuvchilarga nisbatan chetlashtirish yoki ogohlantirish choralari ko‘riladi 

Qabul bo'yicha murojaat boti