Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universitetida iqtidorli, faol, tashabbuskor hamda Yuridik klinika faoliyatida o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etayotgan talabalarni rag‘batlantirish maqsadida yangi tashabbus — “Yuridik klinika stipendiyasi” joriy etilgan.
TDYU Yuridik klinikasi tomonidan ilk bor ta’sis etilgan mazkur stipendiya tanlovining final bosqichi yakunlandi.
Mazkur tanlovda ishtirok etish istagini bildirib, 22 nafar talaba hujjat topshirgan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda belgilangan talablar asosida saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan 15 nafar nomzod o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov ikki bosqichda tashkil etildi. Dastlab nomzodlarning nazariy bilimlari test sinovlari orqali baholandi. Final bosqichida esa talabalar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etib, Yuridik klinika faoliyati, amaliy ko‘nikmalari, tashabbuslari va kasbiy yondashuvlarini namoyish etdi.
Baholashda nomzodlarning huquqiy bilim darajasi, amaliy vaziyatlarda fikrlash qobiliyati, tashabbuskorligi, mas’uliyati hamda Yuridik klinika ishlaridagi faolligi e’tiborga olindi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, quyidagi talabalar “Yuridik klinika stipendiyasi”ni qo‘lga kiritdi:
— Nodiraxon Obidova, Ommaviy huquq fakulteti 2-bosqich talabasi;
— Madinabonu Yo‘ldosheva, Jinoiy odil sudlov fakulteti 3-bosqich talabasi.
“Yuridik klinika stipendiyasi” sohiblari bir o‘quv yili davomida har oy oliy ta’lim muassasalari bazaviy stipendiyasining 1,5 baravari miqdorida moddiy rag‘batlantirib boriladi. Shuningdek, ularga maxsus guvohnoma topshiriladi.