Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasiga (Vashington shahri) tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furkat Sidiqov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida TDYU va AQSh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning xorijiy global brendini rivojlantirish, madaniy boylikni kengaytirish, xalqaro huquq va investitsiya huquqi bo‘yicha bo‘lajak yuristlarni tayyorlash, talabalarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida amaliyot o‘tash uchun jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hujjatlarini kengaytirish orqali milliy qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Furqat Sidiqov professor-o‘qituvchilar va talabalarning AQSh akademik doiralari bilan olib borilayotgan yoki amalga oshirish rejalashtirilayotgan barcha tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi binosiga sayohat tashkil etilib, ular ushbu binoda joylashgan madaniy meros namunalari bilan tanishtirildi.