Toshkent davlat yuridik universitetida “Xalqaro va milliy jinoyat huquqi: o‘zaro ta’sir, javobgarlik masalalari va ularning samaradorligi” mavzusida magistratura talabalarining ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida xalqaro va milliy jinoyat huquqi, jinoyat-ijroiya qonunchiligi hamda kriminologiya sohalariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Konferensiyani universitet prorektori, professor Zamira Esanova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Mazkur anjuman magistratura talabalari uchun maxsus tashkil etilgan ilk ilmiy konferensiya ekanini ta’kidlab, ushbu tashabbus yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyati, mustaqil tahlil qilish qobiliyati va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Konferensiya ishtirokchilari jinoyatchilikning zamonaviy shakllariga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning o‘rni, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, xalqaro jinoiy javobgarlik institutini mustahkamlash hamda davlatlararo hamkorlik mexanizmlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etdilar. Tadbir yakunidagi ilmiy munozaralarda professor Ravshan Hakimov ishtirokchilarning chiqishlari yuzasidan tahliliy fikr-mulohazalar bildirib, tadqiqotlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Konferensiya doirasida taqdim etilgan ilmiy tezis va maqolalar maxsus materiallar to‘plami shaklida nashr etildi. Mazkur ilmiy-amaliy anjuman magistrantlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yuridik ilm-fan va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.