Tavsiyanoma uchun talabgorlardan hujjatlar xotin-qizlar.uz platformasi orqali elektron shaklda 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qilinadi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi toifalardan biriga mos bo‘lishi kerak:
– kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (oilaning har bir a’zosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 0,527 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromadga ega bo‘lgan oila);
– to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
– turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
– nogiron farzandi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
– 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida (ijarada) yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
– ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
Eslatib o‘tamiz, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tavsiyanomasiga ega ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha 4 foizli grant ajratiladi. Tavsiyanoma bilan tanlovda ishtirok etgan xotin-qizlar orasidan eng yuqori natija ko‘rsatganlar to‘plagan ballari ketma-ketligiga ko‘ra davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. 2021-yildan talabgor xotin-qizlarga tavsiyanomalar elektron tarzda berila boshlangan.