Toshkent davlat yuridik universitetida talabalar ta’lim-tarbiyasi, ularning bilim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berish hamda universitet va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “Ota-onalar kongressi” tashkil etildi.
Kongressda universitet rektori, professor Baxshillo Xodjayev ishtirok etib, universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, ta’lim sifatini oshirish, talabalarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda yoshlarning har tomonlama kamol topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Muloqotda talaba, universitet va ota-onalar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, farzandlarning ta’limdagi muvaffaqiyati, kasbiy shakllanishi, ma’naviy tarbiyasi va ijtimoiy faolligini ta’minlashda ota-onalarning bevosita ishtiroki muhimdir.
Tadbir doirasida o‘qishda yuqori natijalarga erishgan, universitet ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan talabalar hamda ularning ota-onalariga universitetning faxriy yorliqlari topshirildi.
Shuningdek, kongress doirasida “Universitet — ota-onalar hamkorligi” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Ochiq muloqot davomida ota-onalar ta’lim-tarbiya jarayonlari, talabalarga yaratilgan sharoitlar va universitet faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Yakunda ota-onalar fakultetlar kesimida universitetning infratuzilmasi, farzandlari tahsil olayotgan auditoriyalar va ta’lim jarayoni uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.