O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida mamlakatimizning yuridik xizmatlar va huquqiy ta’lim tizimida raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan muhim uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Adliya vaziri Akbar Tashkulov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, professor Baxshillo Xodjayev hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shin Myung Seop ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida “O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan yuridik xizmatlar uchun muhit yaratish va salohiyatni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Muhokama bayonnomasi imzolandi.
Hujjatga muvofiq, mazkur loyihani amalga oshirish uchun KOICA tomonidan 14,5 million AQSh dollari miqdorida grant mablag‘i ajratiladi hamda 2026–2030-yillar davomida mamlakatimizda bosqichma-bosqich sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan yuridik xizmatlar infratuzilmasini shakllantirish, huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, yuridik ta’lim va amaliyotga innovatsion yechimlarni joriy etish ishlari olib boriladi.
Xususan, loyiha doirasida sun’iy intellekt asosida ishlovchi yuridik xizmatlar platformasini yaratish, raqamli huquqiy kutubxona tashkil etish, O‘zbekiston–Koreya huquq markazini tashkil etish, yuridik xizmatlar va ta’lim tizimida innovatsion yechimlarni joriy etish, mutaxassislarning raqamli va texnologik salohiyatini oshirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mazkur loyiha nafaqat texnologik yangilanish, balki fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga qulay, tezkor, ochiq va sifatli yuridik xizmatlar ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Sun’iy intellekt asosidagi yuridik xizmatlar huquqiy masalalar bo‘yicha dastlabki maslahatlar olish, zarur hujjatlar va ma’lumotlarga tezkor kirish, murojaatlarni samarali ko‘rib chiqish hamda aholining huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda ahamiyat kasb etadi.
Loyiha Toshkent davlat yuridik universiteti uchun ham alohida ahamiyatga ega. Uning doirasida yuridik ta’lim jarayoniga zamonaviy raqamli yechimlarni tatbiq etish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning sun’iy intellekt, huquqiy texnologiyalar va raqamli yuridik xizmatlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Uchrashuv yakunida mazkur loyiha doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yuridik xizmatlar va huquqiy ta’lim tizimiga sun’iy intellekt yechimlarini bosqichma-bosqich joriy etishga kelishib olindi.