“Yosh yuristlar” jamoat birlashmasi tomonidan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida o‘tkazilgan tadbirda respublikaning barcha hududlaridan saralab olingan 40 nafardan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi.
Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etilgan seminar davomida interfaol usullardan foydalangan holda yoshlarning huquqiy bilim va koʻnikmalari oshirildi, huquqiy “Zakovat” oʻyini tashkil etildi, “Street Law” loyihasi, huquqshunoslik kasbining ahamiyati, huquqshunoslar uchun zarur boʻlgan koʻnikmalar bo‘yicha TDYU professor-oʻqituvchilari tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.
Shuningdek, yoshlar oʻrtasida kichik guruhlarda jamiyatda yuzaga kelayotgan turli huquqiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Eslatib oʻtamiz, Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarini ijtimoiy sheriklik asosida qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida davlat ijtimoiy buyurtmasini berish yuzasidan eʼlon qilingan tanlovda “Yosh yuristlar” jamoat birlashmasining “Oson huquq Camp” loyihasi gʻolib bo‘lgan edi.