Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqaro hamjamiyatga targ‘ib etish maqsadida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari tarkibida Konstitutsiyaviy komissiyaning Ekspertlar guruhi a’zosi, Toshkent davlat yuridik universiteti “Konstitutsiyaviy huquq” kafedrasi professori I.Bekov Saudiya Arabistoniga uyushtirilgan xizmat safarida ishtirok etdi.
Delegatsiya vakillari Saudiya Arabistoni Podshohligining maslahat va qonun chiqaruvchi organi — Majlis ash-Sho‘ro Spikeri – Abdulla ibn Muhammad Ol ash-Shayh janoblari bilan muloqot qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar zaruriyati va mazmuni to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Arab ko‘rfazi davlatlari hamkorligi Kengashi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Tashrif davomida Jidda shahrida joylashgan Islom Hamkorlik Tashkiloti shtab-kvartirasida "Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida O‘zbekiston Respublikasi va Islom Hamkorlik Tashkiloti o‘rtasida hamkorlikni ta’minlash" masalalariga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida professor I.Bekov ma’ruza qildi.
Tashrif yakunida Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi vatandoshlar bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi va ular bilan konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati ochiq va jonli muhokama qilindi.