Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston fan arbobi, yuridik fanlari doktori, professor Halim Boboyev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “O‘zbekistonda huquq rivojining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Halim Boboyevning hayot yo‘li va tajribalarini o‘rganish, uning ilmiy merosini tadqiq etish va bo‘lg‘usi yuristlarga yetkazish, mamlakatimizda huquq sohasining rivoji, bosqichlari va bu sohadagi izlanishlar, tadqiqotlar, shu jumladan, ustoz-yuristning faoliyati xususida aholi, ayniqsa, yoshlarga ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan anjumanda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, Halim Boboyevning shogirdlari, faxriy huquqshunoslar va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida Halim Boboyev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, TDYU rektori Akbar Tashkulov, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, faxriy huquqshunos olimlar, H.Boboyevning shogirdlari so‘z olib, ustozni qutlug‘ yoshi bilan samimiy muborakbod etdi.
Bayram tadbiri davomida Halim Boboyev hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film premyerasi o‘tkazildi.
Shundan so‘ng anjumanning ilmiy ma’ruzalar qismi boshlanib, unda huquqshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talabalar tomonidan turli mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Anjuman davomida qilingan ma’ruzalar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib, mavzular yuzasidan fikr almashildi. Yakunda ilmiy-amaliy konferensiya rezolyutsiyasi e’lon qilindi.