Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasi tahliliga bag‘ishlangan “Prezident Murojaatnomasi — barqaror rivojlanish va huquqiy modernizatsiyaning strategik yo‘li” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida TDYU rektori, professor Baxshillo Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Xushvaqt Xayitov, universitet mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, yosh olimlar va talabalar ishtirok etdi.
Anjuman davomida Murojaatnomadagi belgilangan ustuvor vazifalar va strategik yo‘nalishlar keng muhokama qilindi. Xususan, qonun ustuvorligini ta’minlash, adolatli va ochiq jamiyat barpo etish, davlat boshqaruvi va huquqiy tizimni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda huquqning o‘rni masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muhokamalar jarayonida Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida huquqiy islohotlarning ahamiyati, sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, normativ-huquqiy hujjatlar sifatini oshirish, mahalla institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy mexanizmlarini rivojlantirish hamda qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha Murojaatnomada belgilangan vazifalar atroflicha tahlil qilindi.
Bundan tashqari, tadbirda Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oyalar va vazifalarning ilmiy-nazariy asoslari, ularni ta’lim va amaliyotga tatbiq etish masalalari, huquqshunos olimlar va yosh tadqiqotchilarning ushbu jarayondagi roli yuzasidan fikr almashildi.