Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2024 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU Talabalar festivalining 4-kunida iqtidorlar kashf etildi, muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashildi va huquqiy bilimlar sinovdan o‘tkazildi

Toshkent davlat yuridik universitetida “Yoshlar hayotida 5 muhim tashabbus” shiori ostida o‘tkazilayotgan Talabalar festivalining 4-kuni “University talent shou” intellektual tanlovi bilan boshlandi.

Iqtidorli talabalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda talabalar 8 ta nominatsiya bo‘yicha ishtirok etdi. Tanlov ishtirokchilarini turli soha mutaxassislaridan tuzilgan hakamlar baholab bordi. Ko‘tarinki kayfiyat va ajoyib lahzalarga boy bo‘lgan tanlov chin ma’noda iqtidorlarni kashf etdi.

Shundan so‘ng talabalarda daxldorlik hissini oshirish, ularda ilmiy maqolalar yozish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashning huquqiy muammolari va yechimlari” mavzusidagi ilmiy maqolalar tanloviga start berildi. Unda 50 nafarga yaqin talaba ilmiy va ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi.

4-kun doirasidan o‘rin olgan “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi uchrashuvlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Boisi shu mavzuda tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatga erishib kelayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimizdagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan BMB Holding Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov ishtirok etdi. Uchrashuvda B.Mamatqulov hayotiy tajribalari, muvaffaqiyat sirlari va o‘zi duch kelgan turli vaziyatlar bilan o‘rtoqlashib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Shuningdek, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida talaba-qizlar uchun tashkil etilgan psixologik treningda universitet psixologi Farangis Sharipova tomonidan mavzu yuzasidan foydali ma’lumotlar berilib, ishtirokchilarning savollariga javob qaytarildi. 90 nafar talaba-qiz ishtirok etgan uchrashuv barchada katta taassurot qoldirdi.

Festivalning navbatdagi kuniga “Rahbarlar debati” va fuqarolik huquqi fanidan o‘tkazilgan olimpiada yakun yasab berdi.

“Rahbarlar debati”da ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda o‘z yo‘nalishlari, davlat huquqiy faoliyat, jinoiy odil sudlov, xususiy huquq va xalqaro huquq yo‘nalishlari bo‘yicha munozaralar tashkil etgan bo‘lsa, fan olimpiadasida sohaga doir bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

TDYU Talabalar festivali davom etmoqda.

Hodisalar

Barcha e'lonlar