Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilayotgan Talabalar festivali davom etmoqda.
Festivalning 2-kuni “Typing competition” kompyuter savodxonligi tanlovi bilan boshlandi. Yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan tanlovda ishtirokchilar kompyuterdan samarali, sifatli va tezlik bilan foydalana olish qobiliyatini namoyish etdi.
Ikkinchi kun doirasida o‘tkazilgan “Yurist” loyihasining 3-turnir bellashuvi ham qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Unda ishtirokchilar turli modullar va qonunchilik hujjatlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Loyiha ushbu yo‘nalishdagi yana bir intellketual tanlov “Zukko yurist”ga ulanib ketdi. Talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida tashkil etilgan “Zukko yurist” tanlovida yigit-qizlar jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish bilan bir qatorda nazariy bilimlarini yanada mustahkamladi.
Kun yakunida talabalarning sevimli loyihasi — “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Unda jamoalar talabalar hayoti, o‘quv jarayonlari va universitetdagi qiziqarli voqealarni yumor va hazil-mutoyiba orqali ko‘rsatib berdi. Tanlov naijalariga ko‘ra, Magistratura va sirtqi ta'lim fakultetining "Sen yolg‘iz emassan" jamoasi g‘olib topildi.
Talabalar festivali daom etmoqda.