Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning tavsiyanoma olgan bitiruvchilarining o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 25-iyundan 5-iyulgacha qabul qilinadi.
Zarur hollarda, Adliya vazirligi tomonidan yuqorida belgilangan abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalarini qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun hujjatlar onlayn tarzda taqdim etiladi.
Abituriyentlar TDYU rektori nomiga o‘qishga qabul qilish haqidagi arizani Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3308, 2021-yil 9-iyun)ning 2-ilovasiga muvofiq elektron shaklda to‘ldiradi.
Qabul qilish to‘g‘risidagi elektron arizaga diplom va uning ilovasi elektron shaklda biriktirilib, yuboriladi.
Arizaga ilova qilinayotgan hujjat haqiqiyligi saqlanishini ta’minlovchi (har bir dyuymga 200 nuqtadan kam bo‘lmagan) alohida fayl ko‘rinishida bo‘lishi kerak.
Arizani unga hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalar ko‘rinishida ilova qilingan holda jo‘natishga yo‘l qo‘yiladi.
Yuqorida nazarda tutilgan talablarga muvofiq barcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, 72 soat ichida unikal raqam berish orqali ariza ro‘yxatga olinadi va abituriyentga bildirishnoma yuboriladi hamda unga hujjatlarning asl nusxalarini o‘z vaqtida topshirish kerakligi haqida xabar beriladi.
Hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingan vaqt ariza uchun unikal raqam olingan vaqt hisoblanadi.
Agar taqdim etilgan hujjatlar yuqorida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, 72 soat ichida arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manzili bo‘yicha abituriyentga tegishli xabarnoma yuboriladi. Bunda abituriyentga ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish va hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar ularni takroran taqdim etish imkoniyati beriladi.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man etiladi.