Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasida “Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolarini hal qilishga ko‘maklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish” ILM-202310202762-sonli innovatsion loyiha doirasida fuqarolarga masofaviy huquqiy maslahatlar ko‘rsatish, shu orqali talabalarning amaliy va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Call-markaz aholiga masofaviy va bepul huquqiy maslahatlar ko‘rsatishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Endilikda fuqarolar qisqa raqamlar orqali murojaat qilib, klinikaga kelmasdan yuridik yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Call-markazning ochilish marosimida hududlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalari tahliliga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Seminar davomida Call-markazning ahamiyati, uning ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolarini aniqlash va hal etishdagi roli, hamda fuqarolar bilan samarali muloqotni tashkil etishdagi yangi imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Call-markazda faoliyat yuritish uchun 20 nafar volontyor talaba tanlab olinib, ular Adliya vazirligi tizimidagi call-markazlarda (1148 va 1008) ikki haftalik amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagani qayd etildi.
Shuningdek, mutaxassislar tomonidan Call-markaz orqali yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish va uni aholining turli qatlamlariga yetkazish, masofaviy maslahatlar berish orqali vaqt va resurslarni tejash, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, volontyor talabalar faoliyatini rivojlantirish, ularni hayotiy amaliy tajriba orttirishiga imkon berish, axborotlashgan jamiyat sharoitida yuridik klinikalar va Call-markazlarning o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha ma’ruzalar qilindi.
Tadbirda Call-markazning nafaqat yuridik yordam tizimidagi yangi bosqich, balki yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi innovatsion vosita sifatidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.