Yoshlar ijod saroyida “Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatda qolgan va nogironligi boʻlgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi doirasida “Ixtisoslashtirilgan volontyorlik — ijtimoiy sohadagi davlat va jamoat tuzilmalari uchun muhim resurs” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, ekspertlar va volontyorlar ishtirok etdi.
Anjumanda ixtisoslashtirilgan volontyorlik tushunchasi, uning ijtimoiy sohadagi o‘rni va davlat tuzilmalaridagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi ahamiyati muhokama qilindi.
Davra suhbatida TDYU Yuridik klinikasi rahbari, “Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolariga ko‘maklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish” grant loyihasi ishtirokchisi, yuridik fanlar doktori, professor Otabek Narziyev TDYU Yuridik klinikasining aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 25 yillik tajribasi, uning yuqori malakali yuristlarni tayyorlashdagi beqiyos o‘rni va yoshlar o‘rtasida volontyorlik namunasi sifatidagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, TDYU Yuridik klinikasi uslubchisi Aygerim Aripbayeva Yuridik klinika faoliyati asosida ixtisoslashtirilgan volontyorlikni tashkil etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Davra suhbati davomida Yuridik klinikaning yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirgan ishlari, shuningdek “Ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar muammolariga ko‘maklashuvchi yuridik klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish” loyihasi doirasida alohida yuridik klinika tashkil etish rejasi haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha doirasida maxsus “Call markaz” tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu yoshlarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish va volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir davomida BMT volontyorlik dasturi mutaxassisi Mirsaid Uzoqov TDYU Yuridik klinikasiga “Обзор волонтерства в Центральной Азии” kitobini taqdim etdi. Unda klinikaning faoliyati haqida ma’lumotlar berilgan bo‘lib, bu xalqaro miqyosdagi e’tirofdir.
Davra suhbati doirasida ezgu loyihalar yarmarkasi tashkil etilib, unda TDYU Yuridik klinikasining yutuqlari ham namoyish etildi.