Toshkent davlat yuridik universitetida “Jessup Moot”ning Markaziy Osiyo yozgi maktabi o‘tkazildi.
Talabalar va ularning murabbiylarini xalqaro tanlovda ishtirok etish uchun tayyorlash, universitetlararo va talabalararo munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlarida xalqaro ommaviy huquqni ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan yozgi maktabda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Gruziya oliy ta’lim muassasalaridan 14 jamoa ishtirok etdi.
Xalqaro ommaviy huquq bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlar davomida xalqaro huquq manbalariga kirish, xalqaro javobgarlik, xalqaro shartnomalarni talqin qilish va boshqa ko‘plab masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yozgi maktab doirasida jamoalar kichik guruhlarga bo‘linib, saylov natijalarini tan olish, inson huquqlari va dengiz huquqlariga oid keyslar bo‘yicha “Da’vogar” va “Javobgar” sifatida o‘z mulohazalarini tanlov hakamlari oldida himoya qilishdi.
Yozgi maktab yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Ma’lumot uchun: “Philip C. Jessup International Law Moot Court Competition” sud jarayonlari bo‘yicha 1960-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan dunyodagi eng katta xalqaro tanlovlardan biri bo‘lib, unda 100 ta mamlakatdan huquqshunoslik yo‘nalishidagi 700 ga yaqin ta’lim muassasasi ishtirok etadi.