Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan shoir, yozuvchi va akademik G'afur G'ulom tavalludining 118 yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.
Buyuk adib haykali qoshida o'tkazilgan tadbirda TDYU rahbariyati, adabiyotshunos olimlar, G'afur G'ulom uy muzeyi xodimlari, universitet professor-o'qituvchilari, talabalar, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida universitet rektori Rahimjon Xakimov so'z olib, adibning barcha yaqinlari va muxlislarini ushbu kun bilan qutladi. Shundan so'ng, TDYU tomonidan buyuk adib hayoti va ijodini targ'ib qilish borasida qilinayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi.
Ma'naviy-ma'rifiy tadbir davomida universitet tomonidan ta'sis etilgan G'afur G'ulom nomidagi ko'krak nishoni va stipendiyalar egalariga topshirildi.
Shuningdek, universitet iqtidorli talabalari tomonidan adib hayotiga bag'ishlangan hamda uning asarlari asosida tayyorlangan sahna ko'rinishlari namoyish etilib, qo'shiqlar ijro etildi.