Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Akbar Tashkulov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaning Manchester Metropolitan universitetiga (MMU) tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida ikki universitet rahbariyati uchrashib, oliy ta’lim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida muzokaralar olib bordi.
Muzokaralar davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, TDYU bitiruvchilarini Manchester Metropolitan universitetida sport, intellektual, xalqaro tijorat¸ atrof muhit va ingliz shartnoma huquqi boʻyicha maxsus magistratura va PhD dasturlarida oʻqitish yuzasidan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari MMU kampuslarida boʻlib, oʻquv jarayonlarini tashkil etish, auditoriya va ma’ruza xonalari, professor-oʻqituvchilar va ma’muriyat ofislari, maxsus sud zali va kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, universitetning “Biznes va huquq” fakulteti dekani va professor-oʻqituvchilari bilan akademik sohada fikr va tajriba almashildi.
Ma’lumot uchun: Manchester Metropolitan universiteti (MMU)da 100 dan ortiq davlatdan 35 ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Ushbu unuversitetda sport, intlektual mulk va korporativ boshqaruv huquqi yoʻnalishlari boʻyicha sifatli ta’lim beriladi.