Adliya vazirligi tomonidan Toshkent davlat yuridik universiteti bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini aholi orasida keng targʻib qilish, Bosh qomusimizda belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini fuqarolarimizga yetkazish hamda yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida oʻtkazilgan “Targʻibot poyezdi” loyihasi yakunlandi.
“Targ‘ibot poyezdi” loyihasi doirasida Toshkent davlat yuridik universitetining 14 nafar professor-o‘qituvchisi va 71 nafar iqtidorli talabasidan iborat targʻibot guruhlari mamlakatimiz bo‘ylab — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 ta viloyatda targʻibot tadbirlarini o‘tkazdi.
Shuningdek, mazkur tadbirlarda targ‘ibot guruhlari bilan birga hududiy adliya organlari xodimlari ham faol ishtirok etdi.
Targʻibot guruhlari mamlakatimiz boʻylab 60 dan ortiq taʼlim muassasasi, 20 dan ortiq mehnat jamoalari, 15 dan ortiq korxona va tashkilotlar, 10 dan ortiq mahallalar, 20 ga yaqin harbiy qismlar, istirohat bogʻlari va tibbiyot muassasalariga tashrif buyurib, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi, konstitutsiyaviy bilim va koʻnikmalarini oshirishga oʻz hissasini qoʻshdi. Loyiha doirasida “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida 130 dan ortiq uchrashuv tashkil etilib, ularda 20 ming nafardan ziyod aholi, shu jumladan, yoshlar qamrab olindi.
Oʻtkazilgan davra suhbatlari, seminarlar va uchrashuvlarda ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi normalarning mazmun-mohiyati, ularning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Shuningdek, ishtirokchilarning huquqiy savodxonligini sinovdan oʻtkazish maqsadida turli tanlov, viktorina va quiz-testlar oʻtkazilib, ularning gʻolib va sovrindorlari esdalik sovgʻalari, badiiy va yuridik adabiyotlar bilan taqdirlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, “Targʻibot poyezdi” loyihasi aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligi, konstitutsiyaviy bilim va koʻnikmalarini oshirish bilan birga, ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt kelajagi va Vatan ravnaqi uchun daxldorlik tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.