O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Konstitutsiyaviy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi vakillari, TDYU, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari hamda AQSH, Finlandiya, Buyuk Britaniya va Polsha kabi ilg‘or xorijiy davlatlardagi yetakchi huquqshunos olimlar ishtirok etishdi.
Konferensiyada Bosh qomusimizning o‘tgan yillar mobaynida bosib o‘tgan yo‘li xususida fikr almashilib, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekani belgilab berilgani, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari joriy etilgani, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, davlat va jamiyat qurilishini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, Konstitutsiyada Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda yurtimizda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha strategik maqsadlar o‘z ifodasini topdi. Asosiy qonunimiz davlatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi barqaror taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligining mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatiga aylandi.
Konferensiya davomida yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida milliy va xorijiy olimlarning ma’ruzalari tinglandi.
Xususan, ma’ruzalarda so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va rolini yoritish borasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish zarurligi xususida so‘z yuritilib, konstitutsiyaviy islohotlar va yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyadan kutilayotgan natijalar keng muhokama qilindi.
Anjuman yakunida ma’ruzalar va muhokamalar davomida bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tegishli vazifalar belgilandi.