Toshkent davlat yuridik universitetining talabalar va xodimlar huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan tashkil etilgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha Vakili (Bolalar ombudsmani), Oliy sud, Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi vakillari, TDYU, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi va boshqa oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Anjumanda yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash, talabalarni Bolalar ombudsmani faoliyatiga keng jalb etish, inson huquqlarini va bola manfaatlarini himoya qilish, inson huquq va erkinlarini ta’minlashda prokuror vakolatlari hamda sudga qadar ish yuritishda jabrlanuvchining huquqlarini ta’minlash va Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini kafolatlash masalalari muhokama etildi.
Anjumanda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda inson huquqlarini kafolatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Bolalar ombudsmani institutining vakolatlari va faoliyati yo‘nalishlari, bolalarga nisbatan qiynoqlarga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosati va “Ombudsman klubi” a’zolarining vakil faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda murojaatlar bilan ishlashdagi ishtiroki haqida ma’lumot berildi.
Xususan, mamlakatimizda Bolalar ombudsmani faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, uning vakolatlari kengaytirilgani, shuningdek, Ombudsman huzurida bolalarga nisbatan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
TDYU “Bolalar ombudsman klubi” ham bu boradagi sa’y-harakatlarning uzviy qismi ekani ta’kidlanib, klub a’zolarini Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirgan holda murojaatlar bilan ishlashini keng yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Konferensiya davomida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan ma’ruzalari tinglanib, berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.