Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri oʻrinbosari Sherzod Rabiyev va Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b., yuridik fanlari doktori, professor Islambek Rustambekov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatdagi xalqaro yuridik firmalar — “Vinson & Elkins” LLP, “Essex Chambers”, “GSC Solicitors” LLP, “Eldwick Chambers” va “Stone 36 Chambers” vakillari bilan uchrashib, hamkorlik yuzasidan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvlarda hamkorlik yoʻnalishlari, birgalikda qoʻshma treninglar o'tkazish, ekspertlik ishlarini tashkil etish, Oʻzbekiston investorlari va kompaniyalariga xalqaro tijoriy faoliyatida huquqiy yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida 10-sentabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “English Law Day”ni oʻtkazish, keyinchalik hamkorlikda yuristlar uchun turli treninglarni tashkil etishga kelishib olindi.