Toshkent davlat yuridik universiteti “Jinoiy odil sudlov” fakultetining “Jinoyat-protsessual huquqi” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda TDYU, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Аkademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti, M.S.Narikbayev nomidagi Qozogʻiston davlat yuridik universiteti, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti, Batumi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor Gʻofur Abdumajidovning serqirra mehnat faoliyati, undan qolgan ilmiy maktab, ilm-fanga qoʻshgan hissasi, umr yoʻli haqida soʻz yuritildi.
Konferensiyaning ikkinchi qismida G‘.Abdumajidovning ilmiy asarlarida yoritilgan dolzarb muammolar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Yangi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan jinoyat protsessidagi oʻzgarishlar va islohotlar, tergov va sud organlari faoliyatida shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ayblanuvchi (gumon qilinuvchi, sudlanuvchi)ni himoyaga boʻlgan huquq bilan taʼminlash, jabrlanuvchiga huquqiy yordam koʻrsatishning oʻziga xos xususiyatlari, aybsizlik prezumpsiyasi, “Xabeas korpus” instituti, shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish sharoitida tergov faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.