Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Kuni kecha TDYU Axborot-resurs markazida ushbu tarjima kitobning taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlar doktori, professor, OʻzR FA akademigi Akmal Saidov, TDYU rektori v.v.b., yuridik fanlar doktori, professor Islambek Rustambekov, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat, taniqli olimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda Hindistonning konstitutsiyaviy tajribasi boy tarixga ega ekani ta’kidlanib, ushbu tajribadan bugungi konstitutsiyaviy islohotlarda foydalanish kerakligi qayd etildi. Chunki Hindiston Konstitutsiyasini ishlab chiqish davomida dunyoning bir qator konstitutsiyalari qiyosiy oʻrganilgan va ulardan ijobiy foydalanilgan. Huquqiy institutlarning mohiyatiga ehtiyotkorlik bilan yondashilgani va ular tuzilishi sinchkovlik bilan ishlab chiqilgani sababli Hindiston Konstitutsiyasi koʻplab xorijiy davlatlar konstitutsiyalari uchun namuna vazifasini oʻtadi.
Xususan, Hindiston Konstitusiyasida uning ustunligi, respublika, demokratik boshqaruv shakli, davlatning dunyoviy ekanli, hokimiyatlarning taqsimlanishi prinsipi, shaxsning erkinligi va qadr-qimmati, mllatning birligi va yaxlitligi, ijtimoiy va iqtisodiy adolat konsepsiyasi, erkin va adolatli saylov asoslari belgilangan bo‘lib, bular bugungi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining ham asosiy tamoyillari hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda ushbu tarjima va nashr bo‘lajak huquqshunoslar uchun mo‘ljallangani, boshqa davlatlar konstitutsiyaviy huquqi qatorida Hindiston konstitutsiyaviy huquqini oʻrganish va Oʻzbekiston tajribasi bilan qiyoslash yosh huquqshunoslar uchun huquqiy tafakkurning yangi ufqlarini ochishi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tilidagi ilk nashri ikki mamlakat olimlari oʻrtasidagi katta koʻlamli ishlar uchun bir debocha vazifasini oʻtaydi va yangi loyihalar, birgalikda amalga oshiriladigan ishlarga keng eshiklarni ochadi.
Taqdimot marosimi davomida tarjima nashr mualliflari haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur tarjima Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tiliga ilk tarjimasi loyiha rahbari, yuridik fanlar doktori, professor Omonulla Muhammadjonov, tarjima ishlarini bevosita tashkil qilgan va amalga oshirgan tarjimonlar guruhi rahbari Nodir Ramazonov, tarjimonlar Odilbek Irisqulov, Mahbuba Rasulova, Nozima Normurodovaning saʼy-harakati va ikki yillik tinimsiz mehnati evaziga amalga oshirilgani qayd etildi.
Shuningdek, loyihani moliyaviy va ilmiy tomondan qoʻllab-quvvatlab kelgan Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi, xususan, Hindistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhatga, TDYU olim va tarjimonlarining Dehli universiteti mutaxassislari bilan aloqa oʻrnatishida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtagan La’l Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyati markazi rahbari Sitesh Kumarga hamda tarjima va texnik tahrir ishlarida koʻngilli sifatida ishtirok etgan TDYU talabalari Abdurahim Rahmonkulov, Sobir Tangirov, Gulhayo Pardabayeva, Maftuna Oltiyeva, Xolisxon Umarova, Xosiyatxon Nizomova, Oʻtkirbek Rivojiddinov, Kamola Polvonova, Mahbuba Sayfullayeva, Otaxon Anvarxonovga alohida minnatdorlik bildirildi.