Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 218-son qarori bilan hokimlar tomonidan hujjatlar qabul qilish jarayonini butunlay elektron shaklda amalga oshirilishi nazarda tutuvchi “E-qaror” elektron tizimi ishga tushirildi.
“E-qaror” elektron tizimi ishga tushirish orqali:
birinchidan, har bir qabul qilinayotgan hujjatning qonuniyligini qatʼiy nazoratga olish imkoni yaratildi. Hujjat qabul qilish bilan barcha jarayonlar (loyihani ishlab chiqish, kelishish, imzolash, raqam berish va eʼlon qilish) elektron tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bu jarayon adliya organlari tomonidan monitoring qilib borilmoqda;
ikkinchidan, hokimlarning hujjat qabul qilish bilan bogʻliq faoliyatida shaffoflik kuchaytirildi. Qabul qilingan hujjatlar doimiy ravishda eʼlon qilib borilmoqda va shu orqali ularning qanchalik asosli ekanini har bir fuqaro kuzatib borish imkoniga ega boʻldi;
uchinchidan, hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarning elektron tizim orqali amalga oshirilishi hozirgi kunda ayrim hollarda kuzatilayotgan oʻtib ketgan sana bilan qaror qabul qilish, hujjat ilovalarini almashtirib qoʻyish va shu kabi noqonuniy ishlarning oldini olmoqda;
toʻrtinchidan, hokimlarning “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadigan hujjatlar (qonun hujjatlari bilan uchinchi shaxslarga tarqatilishi cheklangan hujjatlardan tashqari) avtomatik ravishda mazkur hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida va Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi axborot tizimi — “LexUZ”da eʼlon qilinmoqda.
“E-qaror” elektron tizimi dastlab, 2021-yil yanvar-may oylarida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan oʻtkazildi.
Eksperiment davomida tizim yanada takomillashtirilib, 2021-yil 1-iyuldan respublikadagi barcha hokimliklar faoliyatiga joriy etildi.
Adliya vazirligi tomonidan “E-qaror” elektron tizimidan tashqari qabul qilinadigan hokimlar qarorlarini haqiqiy emas deb topish hamda bunday qarorlarni amalga kiritgan mansabdor shaxslarga javobgarlikni belgilash boʻyicha tegishli loyihalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan sinov tariqasida Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Endilikda Toshkent davlat yuridik universitetining umumiy faoliyatiga doir buyruqlari ham “E-qaror” tizimi orqali e’lon qilib boriladi.