Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Dilshod Umarov boshchiligidagi “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” fakulteti dekani Dildora Umarxonova, o‘qituvchilar Sayidkomil Ibodullayev va Azizbek Toyirovdan iborat universitet delegatsiyasi AQSHning Jorjtaun universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida universitet delegatsiyasi Jorjtaun universitetining huquqshunoslik fakulteti faoliyati bilan tanishdi, kutubxona va fakultet kampusining boshqa binolariga tashrif buyurdi, shuningdek, huquqshunoslik fakulteti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Jorjtaun universiteti huquqshunoslik fakulteti (Georgetown University Law Center) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Huquqshunoslik fakultet professorlari Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qituvchilik faoliyatini amalga oshirish uchun borishga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida TDYU talabalarining Jorjtaun universiteti huquqshunoslik fakulteti magistraturasida o‘qish imkoniyatlarini yaratish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.