Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan “Men befarq emasman” shiori ostida “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi o‘tkazilmoqda.
Loyiha doirasida 1 nafar professor-o‘qituvchi va 7 nafar talabadan targ‘ibot guruhlari hududlarda aholi, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashib, ularning huquqiy savodxonligini, referendum borasidagi bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish maqsadida turli uchrashuv va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etmoqda.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvlarda faol ishtirokchilarga Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirlarda professor-o‘qituvchilar, talabalar va o‘quvchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda ishtirokchilarga Konstitutsiyamizga yangi qo‘shilgan moddalarning mazmun-mohiyati va hayotimizga tadbiqi, yangi tahrirdagi Konstitutsiya va undagi tarixiy o‘zgarishlarning ahamiyati, insonning huquq erkinliklari kafolati, vatanga sadoqat, yurt kelajagiga daxldorlik masalalari va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Viloyatdagi “FAZMAN TEKSTIL” MCHJ, Namangan yuridik texnikumi va Namangan davlat universitetida tashkil etilgan tadbirlarida konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada taʼlim va ilm-fan sohasidagi o‘zgarishlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kiritilayotgan yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Uchrashuvlar targ‘ibot guruhlari tomonidan interfaol usullardan foydalanib o‘tkazilib, faol ishtirokchilarga badiiy va yuridik adabiyotlar taqdim etildi.
Tadbirlarda talaba-yoshlarga referendum va yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvlarda ta’kidlanganidek, yangilanayotgan Konstitutsiyadagi barcha o‘zgartish va qo‘shimchalar xalq fikri, ularning bildirgan takliflari, xorij tajribasi va soha mutaxassislarining sa’y-harakatlari natijasida sayqallanib, xalq Konstitutsiyasi bo‘lib shakllandi.
“Biz, tashabbuskor yoshlar, referendumga tayyormiz!” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalarga Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish asoslari haqida ma’lumot berilib, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar zamon bilan hamnafas yoshlarga munosib hayot sharoiti yaratish, barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar uchun xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, talabalarning mavzu yuzasidan bergan savollariga javob qaytarildi.
Bundan tashqari, Buxoro shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida tashabbuskor yoshlar va bir guruh pedagoglar bilan uchrashdi.
Targ‘ibot guruhlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi yuridik texnikumi, Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedogogik institutida uchrashuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarga foydali ma’lumotlar berish bilan birga viktorina ham tashkil etildi hamda viktorina g‘oliblari badiiy va yuridik adabiyotlar taqdirlandi.
Targ‘ibot guruhi a’zolari Navoiy viloyati yuridik texnikumi o‘quvchilari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, hokim yordamchilari uchun “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori ostida “Referendum va yoshlar” targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib, ishtirokchilarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aks ettirilayotgan normalarning mazmun-mohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari, yuridik texnikumlar va boshqa tashkilotlarda tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsiya haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘lib, referendum borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
“Targ‘ibot poyezdi” loyihasi davom etmoqda.