Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2024 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Talaba Yoshlar parlamenti raisi bo'ldi!

O'zbekistonda Yoshlar parlamenti o'z faoliyatini boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Yoshlar masalalari agentligi hamkorligida tashkil etilgan yangi tuzilmaning birinchi yig'ilishi 

onlayn formatda bo'lib o'tdi. Unda Yoshlar parlamentining kelgusi faoliyatiga doir tashkiliy masalalar ko'rib chiqildi. 


 Yoshlar parlamenti quyi palataning maslahat organi bo'lib, jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan jami 250 nafar deputatdan tashkil topgan. Shundan 46 nafari Yoshlar parlamenti 

Respublika komissiyasining tavsiyasiga asosan tayinlangan, qolgani xalq deputatlari shahar (tuman) kengashlarining vakili hisoblanadi. 


 Dastlabki yig'ilishda Yoshlar parlamentining raisi saylandi. Ushbu mas'uliyatli vazifaga Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi Jamshid Boboev loyiq topildi.



Jamshid 1994 yilda Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug'ilgan. Ayni vaqtda Jinoiy odil sudlov fakultetining 4-bosqichida tahsil oladi. 


U O'zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilotining kurs yetakchisi. BMT Taraqqiyot dasturi, USAID xalqaro tashkilotlari 

loyihalarida ishtirok etgan. O'qish barobarida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ham ishlab kelmoqda. 


"...Yoshlar parlamentining tuzilishini men yurtimiz qonun ijodkorligi sohasidagi unikal hodisa, deb bilaman" — qayd etdi J.Boboev. — Bugundan boshlab ko'p millionli O'zbekiston 

yoshlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi ishonchli vakiliga aylandim. Zimmamdagi vazifalar zalvorini to'liq his qilib turibman. Biz, deputatlar yoshlarning qonuniy manfaatlarini ifoda etib, talab-istaklarini hukumatga yetkazishimiz, muammolari yechimida ko'maklashishimiz kerak. Ishonamanki, Yoshlar parlamenti o'zimiz uchun-da katta maktab bo'ladi. Illo, kelgusida qonunchilik jarayonida bevosita ishtirok etib, huquqiy ongimizni oshiramiz, siyosiy-huquqiy bilim va ko'nikmamizni amalda boyitamiz. Shaxsan o'zim uchun bu yurt koriga yarash, Prezidentimiz boshlagan ulkan islohotlarga kamarbasta bo'lish uchun qulay imkoniyatdir.


Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasi Jamshid Babayevni ushbu mas'uliyatli faoliyat bilan samimiy muborakbod etadi hamda uning keyingi faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.



Toshkent davlat yuridik universiteti

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo'limi





Hodisalar

Barcha e'lonlar