“O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti oyligi doirasida TDYU “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjuman O‘zbekiston Respublikasining BMTga a’zo bo‘lganining 30 yilligiga bag‘ishlandi.
Konferensiyada qator xalqaro va milliy tashkilotlar, davlat organlari va vazirliklar vakillari hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Anjuman davomida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi 30 yillik hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berildi.
Shuningdek, mamlakatimizning zamonaviy xalqaro huquqdagi roli va tashabbuslari, xalqaro va milliy huquqiy tizimlarning o‘zaro bog‘liqligi va rejimlari, BMT Xalqaro sudi faoliyatini takomillashtirish, YUNISEF va O‘zbekiston Respublikasi hamkorligi, inson huquqlarini ta’minlashda Ombudsmanning o'rni kabi xalqaro huquqning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya yakunida anjuman davomida bildirilgan xulosa va takliflar O‘zbekiston Respublikasida xalqaro huquq va inson huquqlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.