Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 5-iyuldan 25-iyulgacha qabul qilinadi.
TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun hujjatlar Internet jahon axborot tarmog‘i (qabul2022.tsul.uz) orqali taqdim etiladi.
Abituriyentlar TDYU rektori nomiga o‘qishga qabul qilish haqidagi arizani Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi "O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi 705-son qaroriga muvofiq elektron shaklda to‘ldiradi.
Qabul qilish to‘g‘risidagi elektron arizaga diplom va ilovasi elektron shaklda ilova qilinadi.
Arizaga ilova qilinayotgan hujjat haqiqiyligi saqlanishini ta’minlovchi (har bir dyuymga 200 nuqtadan kam bo‘lmagan) alohida fayl ko‘rinishida bo‘lishi kerak.
Arizani unga hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalar ko‘rinishida ilova qilingan holda jo‘natishga yo‘l qo‘yiladi.
Yuqorida nazarda tutilgan talablarga muvofiq barcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, 72 soat ichida noyob raqam berish orqali ariza ro‘yxatga olinadi va abituriyentga bildirishnoma yuboriladi hamda abituriyentga hujjatlarning aslini o‘z vaqtida topshirish zarurati to‘g‘risida xabar beriladi.
Hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingan vaqt ariza uchun noyob raqam olingan vaqt hisoblanadi.
Agar taqdim etilgan hujjatlar yuqorida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, 72 soat ichida arizada ko‘rsatilgan elektron pochta manzili bo‘yicha abituriyentga tegishli xabarnoma yuboriladi.
Bunda, abituriyentga ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish va hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar ularni takroran taqdim etish imkoniyati beriladi.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.