Xabaringiz bor, mamlakatimizda 15-noyabrdan 15-dekabrgacha “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnatni muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi bo‘limi tashabbusi bilan Yunusobod tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorlikda talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma xodimlari tomonidan ishtirokchilarga ushbu tadbirning ahamiyatini tushuntirib, bugungi kungacha bo‘lgan statistik ma’lumotlar taqdim etildi. Talabalarga favqulodda vaziyatlarning oqibatlari eslatilib, barcha hushyorlikka va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqirildi.
Suhbat davomida qish mavsumida elektr jihozlari va gaz plitalaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish muhimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, talabalarga favqulodda vaziyatlardan keyin birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘in va zilzila sodir bo‘lganda qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, o‘t o‘chirish mashinalarining imkoniyatlari amalda namoyish etildi.