Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmonida umumta’lim maktablarida “Huquq sinfi” va huquq fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini tashkil etish orqali yuridik kadrlarni tayyorlashda “maktab — litsey — texnikum — universitet” tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi “Davlat ta’lim muassasalarida yuridik ta’limning uzluksiz tizimini joriy etish hamda voyaga yetmagan yoshlarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Adliya vazirligiga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Davlat va huquq asoslari” fani chuqurlashtirib o‘qitiladigan variativ o‘quv rejalari asosida zamonaviy ko‘rgazmali o‘qitish vositalari bilan ta’minlangan “Huquq sinflari”ni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida respublikamizning barcha tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida “Huquq sinflari” tashkil etilib, ular zarur ko‘rgazmali vositalar va kitoblar bilan to‘ldirildi.
Shuningdek, noyabr oyi davomida universitetimiz professor-o‘qituvchilari hududlarga tashrif buyurib, maktablarda yuridik taʼlimning uzluksizligini taʼminlash hamda voyaga yetmaganlar va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida huquqiy savodxonlik darslarini tashkil etdi.
Jarayon davomida “Huquq sinflari” tashkil etilgan maktablardagi joriy holat ham o‘rganilib, uchrayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.