Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Akbar Tashkulov boshchiligidagi universitet delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi boshlandi
Tashrifning ilk kunida Londondagi Qirolicha Mariya universiteti rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etilib, TDYUni ingliz ta’lim tizimiga transformatsiya qilishda hamkorlik masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda TDYUning boshqaruv, ilmiy tadqiqot va o‘quv jarayonlariga ingliz ta’lim standartlarini joriy etish uchun Qirolicha Mariya universitetining imkoniyatlari va bu borada dunyoning boshqa universitetlari bilan hamkorlikda erishilgan tajribalaridan kelib chiqib kelgusida amalga oshiriladigan ishlar dastlabki tarzda muhokama qilinib, fikr almashildi.
Qayd etish joiz, Qirolicha Mariya universiteti nufuzli QS xalqaro reytingida huquq sohasida dunyo bo‘yicha 26-o‘rinni, Buyuk Britaniyada esa 8-o‘rinni egallagan.
Qirolicha Mariya universitetiga tashrif davomida delegatsiya a’zolari universitetning Mile End kampusida bo‘lib, bu yerdagi mavjud sharoitlar, Huquq fakulteti (School of Law)da o‘quv jarayonlarini tashkil etish, universitet kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
TDYU delegatsiyasining Buyuk Britaniyaning boshqa universtitlari va ta’lim tashkilotlariga tashrifi davom etmoqda.