Toshkent davlat yuridik universitetida “Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi tomonidan “PraeLegal” xalqaro advokatlik firmasi hamda Akademik Y.A.Buketov nomidagi Qarag‘anda universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan anjumanda xalqaro ekspertlar, “PraeLegal” advokatlik firmasi mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi IIV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari, Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, IIV Akademiyasi, TDYU professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va talabalar ishtirok etdi.
Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishga oid jinoyat qonunichiligini takomillashtirish, xususan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan konferensiya davomida raqamlashtirish davrida iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bilan bog‘liq dolzarb muammolar, ularning huquqiy standartlari va zamonaviy chaqiriqlar, shuningdek jinoyat qonunichiligini takomillashtirish, samarali strategiyalar ishlab chiqish va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan amaldagi qonunchilikni isloh qilish murakkab va uzluksiz jarayon ekani alohida ta’kidlanib, ushbu sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish amaldagi qonunlar va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlili, shuningdek, xalqaro tajriba natijalari asosida amalga oshirilishi kerakligi qayd etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida ekspertlar kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida yagona ish amaliyotini joriy etishni nazarda tutuvchi alohida qonun loyihasini ishlab chiqishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar yuzasidan fikr almashdi.