Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2024 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

TDYU Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi bilan hamkorlikni kengaytiradi

Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi (The Quality Assurance Agency for Higher Education (QAA)) direktori Eduardo Ramos Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b. Islambek Rustambekov, universitetning Xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Bobur Uzakov ishtirok etdi.

Uchrashuvda Toshkent davlat yuridik universitetidagi ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish jarayonlarini o‘rganish, bunda Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan konsultativ va boshqa amaliy ko‘mak faoliyatini joriy etish, professor-o‘qituvchilar uchun seminar-treninglar tashkil etish hamda ta’lim sifatini sertifikatlash va akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda TDYUni QAA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, universitetda Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligining departamentini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ishtirokchilari tomonidan TDYU va QAA o‘rtasidagi hamkorlik doirasida universitetning Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Gulnoza Primkulova va Transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Botirjon Qosimov joriy yilning 1-8-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida QAA tomonidan o‘tkazilgan malaka oshirish kursida qatnashgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuvda Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan TDYUga ekspertlarni jalb qilishda ko‘maklashish, TDYU professor-o‘qituvchilari, hamda ma’muriyat xodimlari uchun maxsus seminar-treninglar tashkil etish, nafaqat onlayn formatdagi vebinarlar, balki offlayn malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun: Buyuk Britaniyaning Oliy ta’lim sifatini ta’minlash agentligi (The Quality Assurance Agency for Higher Education (QAA)) ta’lim sifatni ta’minlash bo‘yicha jahonning nufuzli ekspert tashkiloti hisoblanadi. Oliy ta’lim provayderlari va ushbu tizimni tartibga soluvchi tashkilotlar ta’lim sifati va standartlarni saqlab qolish va yaxshilash bo‘yicha ushbu agentlikka to‘liq ishonadi. Mazkur mustaqil tashkilot Buyuk Britaniya oliy ta’lim tizimi va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish uchun butun dunyo bo‘ylab hukumatlar, agentliklar va muassasalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

Hodisalar

Barcha e'lonlar