Xabaringiz bor, 2022-yilning iyul oyidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Central Asian Legal Research Fellowship” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan. Universitet tadqiqotchilari va xorijdagi nufuzli universitetlar olimlari oʻrtasida ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish, birgalikda ilmiy tadqiqotlarni olib borish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan loyihaning 2-mavsumida AQSH, Buyuk Britaniya, Ruminiya, Malayziya, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Tailand kabi mamlakatlardan nomzodlar unga a’zo bo‘lish uchun hujjat topshirdi. Nomzodlar orasida Indiana universiteti (AQSH), Bolton universiteti (Buyuk Britaniya), Nagoya universiteti (Yaponiya) kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borgan olimlarning borligi mazkur loyihaning ahamiyati naqadar yuqori ekanini yana bir bor isbotladi.
Nomzodlar bilan oʻtkazilgan suhbat natijasida ularning 12 nafari loyihada ishtirok etish uchun tanlab olindi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur loyiha ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda “Scopus”, “Web of Science” kabi bazalarda indekslangan nufuzli ilmiy jurnallarda chop etish uchun qoʻshma ilmiy tadqiqot amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichda esa, xorijlik olimlar Oʻzbekistonga tashrif buyurib, bir qator ilmiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etadi.