--:--:-- ·
TDYU 35 YOSHDA ✦✦✦✦
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2026 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Fuqarolik huquqi sho‘basi

Shior

«Fuqarolik huquqi faqat yaxshilik uchun xizmat qiladi. Sizga yaxshilik qilmaganlarga ham yaxshilik qiling!»

Ikrom Zokirov

Maqsad

Fuqarolik huquqi sho‘basining asosiy maqsadi fuqarolik huquqi sohasida chuqur nazariy bilim va mustahkam amaliy ko‘nikmalarga ega, mustaqil va tanqidiy fikrlaydigan, zamonaviy huquqiy jarayonlarni tahlil qila oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Shu bilan birga, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga hissa qo‘shish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yetuk kadrlar hamda olim-sivilistlarni tayyorlash sho‘ba faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ushbu maqsadlarga erishishda milliy va xorijiy tajribani chuqur o‘rganish, uni qiyosiy-huquqiy tahlil qilish asosida sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash va ilmiy jihatdan asoslash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solishga xizmat qiluvchi zamonaviy yondashuvlar, ilmiy konsepsiyalar va nazariyalarni ishlab chiqish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, xalqaro ilg‘or tajribani o‘rganish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tadqiq etish va ishlab chiqishda ishtirok etish, ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash ham sho‘baning muhim faoliyat yo‘nalishlaridandir. Sho‘ba ilmiy faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri fuqarolik huquqining nazariy asoslarini rivojlantirish, amaliy muammolarga yechimlar ishlab chiqish va huquqiy tizimni modernizatsiya qilishga xizmat qiluvchi ilmiy ishlanmalarni yaratishdan iborat.

Vazifalar

Sho‘baning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

·         «Fuqarolik huquqiga kirish», «Majburiyat huquqi», «Mulk huquqi», «Shartnoma huquqi», «Rim huquqi» va «Sport kontraktlari huquqi» fanlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish hamda ta’lim berish;

·         talabalarda mazkur fanlar bo‘yicha qiyosiy, tahliliy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;

·         talabalarning mustaqil ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash;

·         fuqarolik huquqi sohasidagi dolzarb muammolarni tadqiq etish;

·         fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish;

·         milliy fuqarolik qonunchiligini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar, konsepsiyalar va nazariyalarni ishlab chiqish;

·         fuqarolik huquqining ilmiy-nazariy va amaliy masalalari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish hamda ularning natijalari asosida ilmiy ishlanmalar tayyorlash.

O‘qitiladigan fanlar

Sho‘ba tomonidan jami 17 ta fan o‘qitiladi. Shundan 9 tasi bakalavriat, 8 tasi magistratura ta’lim yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishida:

1.      Fuqarolik huquqiga kirish;

2.      Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish;

3.      Majburiyat huquqi;

4.      Mulk huquqi;

5.      Oila va meros huquqi;

6.      Rim huquqi;

7.      Shartnoma huquqi;

8.      Uy-joy huquqi;

9.      Гражданское право (qo‘shma ta’lim dasturi).

Magistratura ta’lim yo‘nalishida:

1.      Davlat-xususiy sheriklikning huquqiy jihatlari;

2.      Ko‘chmas mulkka oid bitimlarni huquqiy ta’minlash;

3.      Mehnat huquqida fuqarolik-huquqiy shartnomalar;

4.      Raqamli muhitda shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish;

5.      Shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish;

6.      Sport kontraktlari huquqi;

7.      Advokatlik faoliyatida xususiy-huquqiy nizolar;

8.      Delikt huquqi.

Dasturlar va loyihalar

Fuqarolik huquqi sho‘basi ta’lim, ilmiy faoliyat va qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlarida qator davlat organlari hamda ilmiy muassasalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi hamda boshqa vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda.

Sho‘ba professor-o‘qituvchilari fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish, xususan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Shuningdek, sho‘ba mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamda boshqa oliy ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari bilan ilmiy va o‘quv-uslubiy hamkorlikni rivojlantirib bormoqda.

Sho‘baning professor-o‘qituvchilari tarkibida fan doktorlari va fan nomzodlari faoliyat yuritib, ular fuqarolik huquqining dolzarb nazariy va amaliy muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shu bilan birga, sud, prokuratura va adliya organlarida faoliyat yurituvchi tajribali amaliyotchi mutaxassislar ham o‘rindoshlik asosida o‘quv jarayoniga jalb etilgan. Bu esa ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Sho‘bada «Civilist», «Benefit» va boshqa ilmiy to‘garaklar faoliyat yuritadi. Ushbu to‘garaklar doirasida iqtidorli talabalar fuqarolik huquqi, shartnoma huquqi, mulkiy va majburiyat huquqi hamda zamonaviy fuqarolik-huquqiy munosabatlarning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

Bundan tashqari, yetakchi professor-o‘qituvchilar rahbarligida ilmiy maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ular yosh tadqiqotchilarni tayyorlash, ilmiy salohiyatini rivojlantirish va huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarga yechim topishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi

Sho‘ba professor-o‘qituvchilari kasbiy va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib boradi, xorijiy hamkasblari bilan tajriba almashadi hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantiradi.

Bugungi kunda sho‘bada 15 nafar professor, 9 nafar dotsent, 7 nafar katta o‘qituvchi va 7 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, ichki va tashqi o‘rindoshlik asosida malakali professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etilgan.

 


Qabul bo'yicha murojaat boti