--:--:-- ·
TDYU 35 YOSHDA ✦✦✦✦
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Oʼzbekcha
English Русский
Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2026 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi sho‘basi

Shior: Nemo judex in causa sua — “Hech kim o‘z ishida sudya bo‘la olmaydi”.

Maqsad

Ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi sho‘basining asosiy maqsadi Buyuk Britaniya hamda Yevropa Ittifoqi davlatlarining yetakchi universitetlari tajribasini o‘rganish va ilg‘or ta’lim yondashuvlarini O‘zbekiston yuridik ta’lim tizimiga joriy etishdan iborat.

Sho‘ba ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, chuqur bilimga ega, tahliliy fikrlaydigan, normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash va mustaqil qarorlar qabul qilish ko‘nikmalariga ega yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi.

Sho‘ba O‘zbekistonning global huquqiy makonga integratsiyalashuvini jadallashtirish hamda xalqaro standartlarga mos yuridik ta’lim sifatini oshirishga munosib hissa qo‘shishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Faoliyatda Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqining ta’lim standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan o‘quv dasturlaridan foydalaniladi. Talabalarda ingliz huquqi pretsedentlarini va Yevropa Ittifoqining huquqiy institutlarini tahlil qilish, keys-stadi hamda moot court mashg‘ulotlari orqali amaliy huquqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.

Asosiy vazifalar

Sho‘baning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

·         ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi sohasida rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish hamda ilg‘or amaliyotni o‘quv jarayoniga tatbiq etish;

·         talabalarda o‘rganilayotgan fanlar bo‘yicha qiyosiy, tahliliy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish;

·         talabalarda ingliz huquqi normalarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish;

·         mustaqil ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish hamda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash;

·         ingliz huquqi va Yevropa Ittifoqi huquqi sohasida yetakchi olimlar faoliyat yuritadigan xorijiy universitetlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

·         keys-stadi, moot court musobaqalari, yuridik klinikalar faoliyati va innovatsion ta’lim texnologiyalarini o‘quv jarayoniga joriy etish;

·         sho‘ba ixtisosligi bo‘yicha yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish.

O‘qitiladigan fanlar

Sho‘ba tomonidan bakalavriat va magistratura bosqichlarida ingliz huquqi hamda Yevropa Ittifoqi huquqiga oid modullar o‘qitiladi.

Bakalavriat bosqichi:

·         Ingliz huquqi asoslari (INGHA3T6) — 6 ECTS, 150 soat. O‘qituvchi: Fayzullayev Shohijaxon Jobirovich.

·         Ingliz shartnoma huquqi (INGShH4T6) — 6 ECTS, 150 soat. O‘qituvchi: Mamanazarov Sardor Shuxratovich.

·         Yevropa Ittifoqi huquqi asoslari (YeIH3T6) — 6 ECTS, 150 soat. O‘qituvchi: Tilaganboyev Javohir Ixtiyor o‘g‘li.

·         Yevropa Ittifoqi ichki bozor huquqi — 2 ECTS, 72 soat. O‘qituvchi: Fayzullayev Shohijaxon Jobirovich.

·         Yevropa Ittifoqining erkinlik, xavfsizlik va odil sudlov makoni — 3 ECTS, 72 soat. O‘qituvchi: Tilaganboyev Javohir Ixtiyor o‘g‘li.

Magistratura bosqichi:

·         Ingliz shartnoma huquqi (INGShH1T5) — 5 ECTS, 125 soat. O‘qituvchi: Mamanazarov Sardor Shuxratovich.

Barcha modullar o‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘qitiladi.

Dasturlar va loyihalar

Sho‘ba ta’lim, ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.

2025-yilda sho‘ba professor-o‘qituvchilari tomonidan quyidagi natijalarga erishildi:

·         Scopus va Web of Science xalqaro ilmiy bazalarida indekslangan jurnallarda 6 ta maqola chop etildi;

·         respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda 27 ta maqola e’lon qilindi;

·         3 ta monografiya nashr etildi;

·         7 ta xalqaro konferensiyada ishtirok etildi;

·         1 ta PhD dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.

2025-yil 27-may kuni “Huquq va globallashuv jarayoni: ingliz huquqi hamda Yevropa Ittifoqi huquqiy tizimlarining xalqaro normativ asoslarni shakllantirishdagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Xalqaro hamkorlik doirasida o‘quv mashg‘ulotlariga 5 nafar xorijiy mutaxassis jalb etildi. Ular orasida Germaniya, Gruziya va Buyuk Britaniyadan taklif etilgan mutaxassislar bor. Jumladan, Ahmad Guri ingliz korporativ huquqi, Ilyas Pontikas nizolarni muqobil hal etish, Mark Bungenberg esa Yevropa Ittifoqi huquqining zamonaviy muammolari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordi. Shuningdek, Zuren Kroll va Zurab Simonashvili ham ta’lim jarayoniga jalb etildi.

Sho‘ba Sussex universiteti, London universiteti, Brunel London universiteti, Oksford universiteti va boshqa nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Oksford universiteti tomonidan sho‘ba fondiga 10 000 AQSH dollari qiymatidagi 50 ta kitob sovg‘a qilindi.

Sho‘ba tashkil etilganidan buyon Queen Mary University of London, Sussex universiteti, Cardiff universiteti va Leeds universitetlarining ilg‘or tajribasi asosida 6 ta fan bo‘yicha uch tilda 18 ta sillabus ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Shuningdek, 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma tayyorlandi va 9 ta seminar-trening tashkil etildi.

Professor-o‘qituvchilar tarkibi

Sho‘ba professor-o‘qituvchilari kasbiy va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish hamda zamonaviy ta’lim yondashuvlarini o‘quv jarayoniga joriy etishga alohida e’tibor qaratadi.

Bugungi kunda sho‘bada quyidagi tarkibda 7 nafar xodim faoliyat yuritadi:

·         1 nafar sho‘ba mudiri (PhD);

·         1 nafar professor (PhD);

·         1 nafar dotsent vazifasini bajaruvchi (DSc);

·         1 nafar katta o‘qituvchi;

·         3 nafar o‘qituvchi.

Sho‘bada jami 8 ta shtat birligi mavjud. Xodimlarning o‘rtacha yoshi 33 yoshni tashkil etadi.

Bundan tashqari, xorijiy hamkor universitetlardan taklif etilgan mutaxassislar ham o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishda faol ishtirok etadi.

 

Qabul bo'yicha murojaat boti