Shior: Protsessual adolatni ta’minlash!
Maqsad
Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi sho‘basining asosiy maqsadi fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish sohasida zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, sud-huquq tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan o‘quv materiallarini yaratish va ularni ta’lim jarayoniga joriy etishdan iborat.
Sho‘ba mamlakatimizda va xorijda fuqarolik protsessual hamda iqtisodiy protsessual huquq sohalarini o‘rganish va rivojlantirish, xalqaro tajribani tahlil qilish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tadqiq etish va ishlab chiqishga ham alohida e’tibor qaratadi.
Vazifalar
1. Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquq sohasida rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish hamda ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish.
2. Talabalarda o‘rganilayotgan fanlar bo‘yicha qiyosiy, tahliliy va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish.
3. Talabalarda fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish, protsessual hujjatlarni tayyorlash, huquqiy tahlil qilish hamda fuqarolik va iqtisodiy protsessual huquq normalarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish.
4. Amaliyotchi mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etish orqali nazariya va amaliyot integratsiyasini ta’minlash.
5. Talabalarning mustaqil ta’lim olishi, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashi uchun zarur sharoit yaratish.
6. Fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquq sohasida yetakchi olimlar faoliyat yuritadigan nufuzli xorijiy ilmiy maktablar va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash.
O‘qitiladigan fanlar
Sho‘ba tomonidan bakalavriat va magistratura bosqichlarida jami 7 ta fan o‘qitiladi. Shundan 3 tasi bakalavriat, 4 tasi magistratura ta’lim bosqichiga to‘g‘ri keladi.
Bakalavriat ta’lim bosqichida:
1. Fuqarolik protsessual huquqi (Civil Procedural Law).
2. Iqtisodiy protsessual huquqi (Economic Procedural Law).
3. Notariat (Notary) — tanlov fani.
Magistratura ta’lim bosqichida:
1. Fuqarolik protsessida advokat ishtiroki (Participation of an Attorney in Civil Proceedings).
2. Iqtisodiy va korporativ nizolarni hal etish (Resolution of Economic and Corporate Disputes).
3. Nizolarni hal qilishning muqobil usullari (Alternative Dispute Resolution).
4. Mediatsiya: nazariya va amaliyot (Mediation: Theory and Practice).
Ilmiy faoliyat
Sho‘ba xodimlari va mustaqil izlanuvchilar tomonidan 12.00.04 — «Fuqarolik protsessual huquqi. Iqtisodiy protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya» ixtisosligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
2023–2026-yillar davomida sho‘ba xodimlari tomonidan quyidagi ilmiy va o‘quv-uslubiy ishlar amalga oshirilgan:
· OAK ro‘yxatidagi ilmiy jurnallarda 62 ta maqola, shundan 60 tasi xalqaro jurnallarda;
· Scopus bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallarda 6 ta maqola;
· 10 ta darslik;
· 9 ta o‘quv qo‘llanma;
· 14 ta monografiya.
Shuningdek, sho‘ba tomonidan 3 ta xalqaro va 5 ta respublika miqyosidagi ilmiy konferensiya hamda davra suhbatlari tashkil etilgan.
Sho‘ba xalqaro hamkorlik doirasida Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education va Academic Ranking of World Universities kabi nufuzli xalqaro reytinglarda TOP-1000 talikka kirgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda turli ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti Fuqarolik huquqi va fuqarolik protsessi kafedrasi vakili PhD P. T. Yesenbekova, Turkiyaning Anqara Yildirim Bayazid universiteti professori Ersin Erdogan, gruziyalik professor Irakli Kandashvili hamda Qozog‘iston Respublikasi Kunayev universiteti professori Leyla Marsovna Abdullina ishtirokida onlayn va an’anaviy shaklda ma’ruzalar tashkil etilmoqda.
Dastur va loyihalar
Sho‘ba ta’lim, ilmiy faoliyat va qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlarida mamlakatimizning yetakchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Odil sudlov akademiyasi, Advokatlar palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi hamda Toshkent mediatsiya markazi bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Sho‘ba xodimlari O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksi va Iqtisodiy protsessual kodeksi, shuningdek, «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqishda faol ishtirok etgan.
Shuningdek, sho‘ba mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti va Odil sudlov akademiyasining tegishli kafedralari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Sho‘ba faoliyati doirasida talabalarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan «Yosh huquqshunos protsessualistlar» ilmiy to‘garagi hamda uchta ilmiy maktab faoliyat yuritadi:
1. «Bo‘lajak protsessualistlar» — D. Yu. Xabibullayev rahbarligida.
2. «Adolat va qat’iyat qo‘rg‘oni» — Z. N. Esanova rahbarligida.
3. «Odil sudlov» — F. B. Ibratova rahbarligida.
Mazkur ilmiy to‘garak va maktablarga 200 nafardan ortiq iqtidorli talaba jalb etilgan. Ular tomonidan fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual huquqning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Professor-o‘qituvchilar tarkibi
Sho‘ba xodimlari o‘z kasbiy va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish, xorijiy hamkasblar bilan tajriba almashish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratadi.
Bugungi kunda sho‘baning asosiy shtatida 21 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning 10 nafari ilmiy darajaga ega: 5 nafari fan doktori (DSc), 5 nafari falsafa doktori (PhD). Sho‘ba tarkibida 4 nafar professor, 1 nafar dotsent, 3 nafar katta o‘qituvchi va 8 nafar o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda.
Bundan tashqari, sho‘ba o‘quv jarayoniga ichki va tashqi o‘rindoshlik asosida malakali professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar jalb etilgan. Ular orasida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent, advokat va mediator Sevarxon Maripiova, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kosim Avezov, advokatlar Amir Umirzakov va Abduqahhor Raximov bor.
Shuningdek, sho‘bada 6 nafar mustaqil izlanuvchi va 7 nafar doktorant ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv-uslubiy jarayonlarda ishtirok etmoqda.