Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Namangan va Samarqand viloyatlari yuridik texnikumlari negizida Toshkent davlat yuridik universitetining akademik litseylarini tashkil qilish belgilangan.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati yuridik texnikumi negizida TDYU qoshidagi akademik litsey tashkil etildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b., yuridik fanlari doktori, professor Islambek Rustambekov mazkur akademik litseyga tashrif buyurib, muassasada yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida akademik litseyning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, muassasada o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.
I.Rustambekov Samarqand viloyatiga safari doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham boʻlib, bu yerda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdi.