Universitet Ta'lim Ilmiy-innovatsion faoliyat
Xalqaro faoliyat Talabalar hayoti Qabul 2024 SDG
Oʼzbekcha
English Русский
Network error!

Street Law nima?

Street Law” ‒ oliy va oʻrta maxsus yuridik ta’lim muassasalari talabalari hamda oʻquvchilari tomonidan maktab o‘quvchilariga volontyorlik asosida kundalik hayotda eng zarur bo‘lgan huquqiy bilimlarni interaktiv usullar orqali o‘qitishga qaratilgan loyiha. 

Loyiha dunyo miqyosida!

1972-yilda AQShning Jorjtaun universiteti professorlari aholining huquqiy ongini yuksaltirishga qaratilgan gʻoyani ilgari surdilar. Ularning fikricha, universitet talabalari oʻzlarining professor-oʻqituvchilaridan oʻrgangan huquqiy bilimlarini maktab oʻquvchilariga oʻqitishlari mumkin edi. 

Ushbu tashabbus asosida yuridik universitetning talabalari maktab o‘quvchilariga huquq darslarini oʻtishni boshlaganlar. Bu nafaqat oʻquvchilar, balki talabalar uchun ham foydali boʻlgani uchun loyiha tezda Amerikaning turli shtatlariga tarqala boshlagan. 

1996-yilda Street Law Inc. xalqaro nodavlat notijorat tashkilotiga asos solindi. Tashkilotning faoliyati loyihani rivojlantirish va targʻib qilishga qaratilgan. Bu orqali “Street Law” loyihasi dunyoning 45 davlatlarida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham joriy etilgan. 

“Street Law” Oʻzbekistonda!

“Street Law” loyihasi rasman 2019-yil 9-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni asosida joriy etilgan. Dastlabki yilda loyiha Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan Toshkent shahri miqyosida yoʻlga qoʻyildi. Loyihani joriy etishning dastlabki yilida 15 nafar volontyоr 5 ta maktabda loyiha darslarini olib borganlar. 

2020-yildan boshlab Toshkent davlat yuridik unversiteti Street Law Inc. (AQSH) tashkiloti bilan hamkorlikda loyihani respublika miqyosida joriy etishga kirishdi va bunga muvaffaq boʻlindi. Bugunga kelib loyiha Toshkent shahrida Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent shahar yuridik texnikumi tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ushbu maʻmuriy-hududiy birliklarda joylashgan 13 ta yuridik texnikumlar tomonidan olib borilmoqda. 

Toshkent davlat yuridik universiteti respublika miqyosida loyiha boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni muvofiqlashtirib kelmoqda. Yuridik texnikumlarga loyihani yuritishda uslubiy koʻmak bermoqda. 

2021-yil iyun holatiga ko'ra, 2020-2021-oʻquv yilida loyihada respublika miqyosida 610 nafar volontyor talabalar (oʻquvchilar), 97 nafar professor-oʻqituvchilar ishtirok etdi. Xususan, loyihada Toshkent davlat yuridik universitetining 20 nafar professor-o‘qituvchilari va 96 nafar talabalari faol ishtirok etdilar. 

Loyiha darslari respublikaning turli hududlarida joylashgan jami 121 ta maktabda olib borildi. Ularning 102 tasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan maktablardir. Loyiha darslarida jami 7250 maktab oʻquvchilari qamrab olindi. 

“Street Law” darslari qanday mavzular bagʻishlangan?

Bugungi kunda maktablarda loyiha darslari quyidagi mavzularda oʻtkazilmoqda:

  1. Huquqlaringiz uchun kurashmoqchimisiz? Avval ularni biling! (Inson huquqlari);
  2. Janob ish beruvchi, voyaga yetmagan shaxsni ishga olasizmi? (Mehnat munosabatlarida voyaga yetmagan shaxslarning ishtiroki);
  3. Siz xarid qilgan mahsulot yaroqsiz chiqsa nima qilgan bo‘lar edingiz? (Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish);
  4. Men ham oilamning to‘laqonli a’zosi (Oilaviy munosabatlarda voyaga yetmagan shaxslar);
  5. O‘smirning xavfli qilmishi uchun javobgarlik mavjudmi? (Voyaga yetmagan shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar va ular uchun javobgarlik)
  6. Biz korrupsiyasiz hayot tarafdorimiz (Korrupsiyaga qarshi kurashish);
  7. Nothing is forever! – hech narsa abadiy emas! (Atrof muhitni muhofaza qilish);
  8. Kichik doʻstlarimizga rahm-shafqat qiling! (Jonivorlarga nisbatan shafqatsizlikni oldini olish).

Loyihaning qanday foydali jihatlari bor?

“Street Law” loyihasi oʻsmir yoshdagi maktab oʻquvchilarining huquqiy bilimi va ongini yukslatirish orqali mamlakatimizda yuksak huquqiy madaniyatga ega boʻlgan shaxslarni shakllantirishga xizmat qiladi. Loyiha maktab o’quvchilariga kundalik hayotda tez-tez uchrab turadigan huquqiy vaziyatlarga yechim topishga yordam beradi. 

Loyihada ishtirok etish orqali talabalar va oʻquvchilar tanqidiy va tahliliy fikrlash, jamoada ishlash, taym-menejment, stressga chidamlilik hamda samarali muloqot qilish kabi hayotiy koʻnikmalarni rivojlantiradilar. Bundan tashqari, volontyor talabalar qonunlarni oddiy, sodda va xalqchil tilda tushuntirib berish koʻnikmasiga ega boʻladilar. 

TDYU “Street Law” loyihasining ijtimoiy tarmoqlari:

Telegram kanal: https://t.me/tsulstreetlaw

Instagram: http://instagram.com/tsulstreetlaw 

Facebook: http://facebook.com/tsulstreetlaw