Toshkent davlat yuridik universitetiga Gdansk universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuvda TDYU prorektorlari Dilshod Umarov va Islambek Rustambekov, xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Rustam Umarov, Gdansk universiteti prorektori Anna Jurkovska-Zeydler (onlayn tarzda), yuridik fakulteti dekani oʻrinbosari Marchin Viszovati, fakultet porfessori Edvardas Juchnevichius ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ikki universitet oʻrtasida qoʻshma taʻlim dasturini yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi.
Xususan, magistratura bosqichi doirasida ikki diplom dasturi boʻyicha ikki universitetdagi oʻquv rejalarini oʻrganish va ishlab chiqish, ushbu dastur boʻyicha TDYU va Gdansk universitetidan masʻullarni belgilash, oʻqish davomiyligi va toʻlov-shartnoma miqdori, kvota, qoʻshma taʻlim dasturi doirasida kreditlarni toʻplash va ikki oliy taʻlim muassasasida ham tan olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida joriy yilning dekabr kuniga qadar qoʻshma dastur loyihasini ishlab chiqish hamda 2023-yil oktabrdan mazkur dasturni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.