Toshkent davlat yuridik universiteti va Turkiya Respublikasining Birlashgan yosh akademiklar uyushmasi hamkorligida tashkil etilayotgan anjumanda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b, professor, Dr. Islambek Rustambekov, Yosh Akademiklar Assotsiatsiyasi prezidenti va Kongressni tashkil etish qo‘mitasi raisi Dr. Yunus Kocabyyik, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Dr. Durbek Sayfullayev, Kirshehir universiteti rektori, professor, Dr. Mustafa Kasım Karahocagil, yosh akademiklar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etdi.
Kongressning ochilish marosimida TDYU rahbariyati hamda Turkiya Birlashgan yosh akademiklar uyushmasi vakillari so‘z olib, mazkur kongress yosh akademiklar uchun nafaqat ilmiy tajriba almashish maydoni, balki kelajakdagi hamkorliklar uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Xalqaro anjumanda huquq va xalqaro munosabatlar, Turk dunyosidagi huquqiy islohotlar va zamonaviy tendensiyalar, xalqaro huquq va integratsiya jarayonlari, turkiy davlatlar o‘rtasidagi huquqiy hamkorlik, raqamli iqtisodiyot va texnologik taraqqiyot, startap va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlarning ilmiy loyihalarda ishtirokini ta’minlash, ta’lim tizimidagi islohotlar xususida fikr almashildi.
Shuningdek, turkiy mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va akademik aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.