Xabaringiz bor, Toshkent davlat yuridik universitetida ilm-fanni rivojlantirish, uni xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingiga kiritish, yurisprudensiya fanidagi mamlakatimiz yutuqlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha alohida muhim vazifalarni bajarganlik, shuningdek, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirishdagi fidokorona xizmati hamda universitet nufuzini xalqaro va respublika miqyosida oshirishga hissa qo‘shayotgan milliy va xorijiy mutaxassislar, universitet hamkorlarini “Faxriy professor” faxriy unvoni bilan taqdirlash an’anasi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan universitet rektorining buyrug‘iga ko‘ra, “Jura One” huquqshunoslik kompaniyasi rahbari, amaliyotchi huquqshunos Syoren A. Kroll Toshkent davlat yuridik universitetining “Faxriy professori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, Syoren A. Kroll mashhur nemis repetitori va huquqshunos bo‘lib, u huquqshunoslik bo‘yicha imtihonlarga talabalarni individual tayyorlashga ixtisoslashgan “Jura One” repetitorlik kompaniyasiga asos solgan. Shuningdek, u 100000 nafardan ortiq talaba va referent foydalangan “Jura Online” ta’lim platformasini yaratgan.
Professor Kroll Flensburg shahridagi Duborg maktabini a’lo baholarga tamomlagan. U 1986–1987-yillarda AQSHning Kaliforniya shtatidagi Los-Altosda almashinuv dasturi asosida o‘qigan va u yerda ham maktabni a’lo baholarga tamomlagan. 1991–1993-yillarda Kopengagen universiteti va Orhus universitetida adabiyot va huquq yo‘nalishlarida tahsil olgan.