Oksfordning Merton kollejida joriy yilgi “Doshisha Merton Advocacy Network Initiative” (DOMANI) loyihasi o‘tkazildi.
Beshinchi marotaba o‘tkazilgan loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad huquqshunos-amaliyotchilar va yuridik fakultet talabalariga xalqaro nizolarni hal qilish, arbitraj va mediatsiya sohasida advokatlik ko‘nikmalarini o‘rgatishdir.
Tadbir ishtirokchilari ishni umumiy tahlil qilish, so‘roq qilish, faktlarni aniqlash va mediatsiya o‘tkazish bo‘yicha asosiy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Shu bilan birgalikda jamoalar orasida ushbu ko‘nikmalarni qo‘llagan holda oldindan berilgan ish materiallari asosida simulyatsiya ham tashkil etildi. Tadbirlar doirasida talabalar arbitraj va mediatsiya bo‘yicha mahorat darslarida qatnashib, o‘z bilimlarini simulyatsiyalarda sinab ko‘rishdi.
Nufuzli tadbirda Gonkong universiteti (Gonkong), Doshisha universiteti (Yaponiya), Oksford Merton kolleji (Buyuk Britaniya), Durham universiteti (Buyuk Britaniya) jamoalari bilan birga Toshkent davlat yuridik universiteti professori Otabek Narziyev rahbarligida Xalqaro huquq va qiyosiy huquq fakultetining talabalari ham ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida TDYU talabalari O‘zbekistondagi nizolarni muqobil hal etish mexanizmlari to‘g‘risida ma’ruza qilib, amaliyotchilar va professorlardan tijorat mediatsiyasi sohasining rivojlanishi bo‘yicha qimmatli maslahatlarni olishdi.