Toshkent davlat yuridik universiteti Kiber huquq kafedrasi mudiri, professor Said Gulyamov Hindistonning Milliy sud-ekspertiza universitetida o‘tkazilgan Jahon viktimologiya jamiyatining “Viktimologiya va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishning sud-ekspertiza va zamonaviy istiqbollari” mavzusidagi XVIII xalqaro simpoziumida ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda S.Gulyamov Toshkent davlat yuridik universiteti va Milliy sud-ekspertiza universiteti hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma magistratura (LLM) dasturi haqida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada mazkur qo‘shma dasturning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, dastur nafaqat nazariy bilimlarni, balki amaliy ko‘nikmalarni ham o‘z ichiga olishi, talabalarga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash, real hayotiy vaziyatlarni tahlil qilish va har ikki mamlakatning ekspertlari bilan muloqot qilish imkoniyati yaratishi qayd etildi.
Professor S.Gulyamov dastur orqali murakkab kiber hodisalarni tergov qilish, xalqaro kiber qonunchilikda yo‘l topa olish va yangi paydo bo‘layotgan tahdidlarga yechimlar ishlab chiqish qobiliyatiga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlanishini alohida ta’kidladi.